Ilgari Spot Xalq ta’limi vazirligi va “Дневник.ру” kompaniyasi umumta’lim maktablarida elektron jurnallar va kundaliklarni joriy etish bo‘yicha loyihani amalga oshirishlari haqida xabar bergan edi.

Mazkur loyiha aprel — may oylarida 53 ta umumta’lim maktabida sinovdan o‘tkazildi, xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.

Kundalik tizimi onlayn rejimda dars jadvallari, o‘qituvchilar dars rejalari, o‘quvchilarning darsdagi ishtiroki hamda o‘zlashtirishini elektron jurnal va kundaliklarga kiritib borish imkonini beradi. Shuningdek, ta’lim muassasasining statistik hisobotlarini ishlab chiqishni ham ta’minlaydi.

Loyihaning birinchi bosqichida qatnashgan maktablar sinf jurnallarini bir vaqtning o‘zida qog‘oz hamda Kundalik tizimida elektron shaklda yuritishdi.

Mazkur tizim orqali o‘quvchilar va ularning ota-onalari uy vazifalari hamda fanlardan qo‘yilgan baholar haqida istalgan vaqtda ma’lumot olish imkoniga ega bo‘lishadi. Ushbu ma’lumotlar himoyalangan ijtimoiy tarmoqlar orqali taqdim etiladi.

Xalq ta’limi vazirligining avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy etish bo‘yicha mas’ul vakillari Arslon Rahmonqulov hamda Rustam Komilovning ta’kidlashicha, 2019 yilning 1 sentyabrigacha Toshkent shahridagi barcha umumta’lim maktabida elektron jurnal va kundaliklarni ta’lim tizimiga joriy etish bo‘yicha tashkiliy ishlar amalga oshiriladi. Yangi o‘quv yilidan boshlab Kundalik tizimi poytaxtdagi barcha maktablarda ish boshlaydi.

Ta’kidlanishicha, “Дневник.ру” kompaniyasi mazkur loyihani hayotga tatbiq etish, qo‘llab-quvvatlash va tizimni ravnaq toptirish jarayonida yuzaga keladigan barcha xarajatni o‘z zimmasiga olgan.