Prezident 10 iyun kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabarti boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.

YeTTB ekspertlari ko‘magida mamlakatimizning energetika, bank va moliya sohalari, kapital bozorini rivojlantirish va mamlakatimizda raqobat muhitini yaxshilash bo‘yicha islohotlar ishlab chiqilmoqda va amalga oshirilmoqda.

Qo‘shma loyihalar portfeli kengaymoqda. Zayom kelishuvlari imzolanib, qiymati jami 600 mln $dan ziyod kredit mablag‘larini jalb etgan holda mamlakat hududlarida energetik va kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha ustuvor investitsiya loyihalari tayyorlanmoqda. Xususiy sektor loyihalariga 100 mln $dan ziyod investitsiya kiritildi.

Bundan tashqari, umumiy qiymati 800 mln $ga yaqin bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga ega istiqbolli dastur va loyihalar ishlab chiqilmoqda.

YeTTBning vakolatxonasi Andijon shahrida va O’zbekistonning boshqa hududlarida filiallarini ochish rejalashtirilgan.

Uchrashuvda amaliy hamkorlikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, jumladan, mamlakatimizda investitsiya loyihalarini va kreditlarni o‘zlashtirishni tezlashtirish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga, qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini shakllantirishga ko‘rsatilayotgan ko‘makni kengaytirish masalalari batafsil ko‘rib chiqildi.