Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan qo’shilgan qiymat solig’idan ozod etiladigan mahsulotlar ro’yxatiga kartoshka va guruchning importi ham qoʻshildi, xabar beradi Davlat soliq qo’mitasi matbuot xizmati.

Qarorga binoan QQSdan ozod etiladigan oziq-ovqat mahsulotlari roʻyxatiga quyidagicha oʻzgartirish kiritildi:

  • kartoshka, urugʻlik kartoshka, shu jumladan, import qilingan urugʻlik kartoshka;
  • guruch (barcha navlari), shu jumladan, import qilingan guruch.

Shunindek, qaror bilan “Agrobank” ATBga 2019-yil hosili uchun kartoshka ekadigan fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalariga yillik 10 foiz stavkada kreditlar ajratish tavsiya etildi.

2019-yil hosili uchun urugʻlik va isteʼmol kartoshkasi ekishga jalb etilgan fermer xoʻjaliklariga ajratiladigan kreditlar boʻyicha hisoblanadigan foiz stavkasining 50%i Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

Yanvar oyida QQSdan ozod etiladigan mahsulotlar ro’yxatini ma’lum qilindi. Keyinchalik sut sanoati rivojiga qo’shimcha shart-sharoitlar yaratish va qayta ishlash korxonalarini fermer xo’jaliklari bilan kooperatsiyasini kuchaytirish maqsadida sut ham QQSdan ozod etiladigan mahsulotlar ro’yxatiga kiritildi.