Noqonuniy sarflangan mablag‘larning 1,3 mlrd so‘mi byudjetga tiklandi, xabar beradi Moliya vazirligi matbuot xizmati.

Joriy yilda Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi vazirligi tizimidagi 1147 ta kasb-hunar kollejlari bo‘yicha o‘tkazilgan kameral nazorat tadbirlari natijasida 2,1 mlrd so‘m byudjet mablag‘larining asossiz xarajatlari oldi olindi.

Bundan tashqari, masofaviy nazorat tadbirlari natijasida kuzatilgan shubhali moliyaviy operatsiyalar yuzasidan 205 ta kasb-hunar kolleji va akademik litseylarda o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida 8,3 mlrd so‘mlik byudjet mablag‘lari byudjet qonunchiligi talablariga amal qilinmagan holda sarflanganligi aniqlandi.

Jumladan, nazorat tadbiri o‘tkazilgan kasb-hunar kollejlarining 15 tasida haqiqatda ishlamagan shaxslar nomiga ish haqi hisoblanishi oqibatida ular nomidagi plastik kartochkalariga 2705,3 mln so‘m byudjet mablag‘lari asossiz o‘tkazib yuborilgan.

Misol uchun, Toshkent shahar Olmazor tibbiyot kollejida haqiqatda ishlamagan va o‘tgan yillarda ishdan bo‘shab ketgan xodimlarning familiyasi, ismi va sharifini oylik ish xaqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar qaydnomalariga kiritilib jami 1 847,3 mln so‘m byudjet mablag‘lari noqonuniy to‘lovga chiqarilgan.

Shuningdek, ushbu kollejda to‘lov kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan 13 nafar talabalardan undirilgan 21,2 mln so‘m miqdoridagi kontrakt pullari bank muassasasi orqali kollejning hisob raqamiga kirim qilinmasdan soxta to‘lov hujjatlarini rasmiylashtirish yo‘li bilan xarajatga chiqarilgan.

Shuningdek, ayrim kasb-hunar kollejlarining bosh hisobchilari tomonidan byudjet tashkilotlari buxgalteriya hisobining avtomatlashtirilgan tizimi (“O‘zASBO” dasturiy majmuasi) ish haqini hisoblash modulining qayta hisob-kitoblar qismiga asossiz ma’lumotlar kiritish yo‘li bilan 2 774 mln so‘mlik byudjet mablag‘lari ortiqcha sarflangan.

Bir qator kasb-hunar kollejlarida esa xodimlarning ish haqlarini “O‘zASBO” dasturiy majmuasida hisoblanib, plastik kartochkalariga o‘tkazish ro‘yxati belgilangan tartibda bank muassasalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron (onlayn) tarzda yuborilmasdan, amaldagi tartibga zid ravishda boshqa ro‘yxatlarni xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklariga taqdim etish yo‘li bilan 353 mln so‘m byudjet mablag‘lari asossiz xarajatga chiqarib yuborilgan.

Nazorat tadbirlari davomida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida noqonuniy sarflangan mablag‘larning 1,3 mlrd so‘mi byudjetga tiklanishi ta’minlandi.

Shuningdek, 7,3 mlrd so‘mlik byudjet intizomini buzish holatlari aniqlangan 92 ta nazorat tadbirlari hujjatlari qonuniy choralar ko‘rish uchun prokuratura organlariga yuborildi hamda byudjet va smeta-shtat intizomining buzilishiga yo‘l qo‘ygan kasb-hunar kollejlarining 15 nafar mansabdor shaxslariga o‘rnatilgan tartibda ma’muriy jarima qo‘llanildi.