Prezidentning “Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni e’lon qilindi.

Farmonga muvofiq, 2019 yil 1 avgustdan boshlab yagona yer solig‘i to‘lovchisi hisoblangan qishloq xo‘jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilari ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tishi mumkin.

Shuningdek, kalendar yili davomida xizmatlarni realizatsiya qilishdan olgan tushumi 100 mln so‘mdan oshgan, biroq bir mlrd so‘mdan ko‘p bo‘lmagan telekommunikatsiyalar operatorlari va (yoki) provayderlariga vositachilik xizmatlarini ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar xizmat haqi summasidan 25% stavkada yagona soliq to‘lovini to‘lashga o‘tadi.

2019 yil 1 oktyabrdan boshlab:

  • benzin, dizel yoqilg‘isi va gazni yoqilg‘i quyish stansiyalari orqali oxirgi iste’molchilariga sotadigan yuridik shaxslar, ushbu tovarlarni sotishdan tushumning miqdoridan qat’iy nazar, QQS to‘lovchilari hisoblanadi;
  • tovarlarni import qiluvchi tadbirkorlik sub’ektlari, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotishdan tushum miqdoridan qat’iy nazar, QQS to‘lovchilari hisoblanadilar. Bunda tovarlarni birinchi marta import qiluvchi tadbirkorlik sub’ektlari import shartnomasi tuzilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab QQS to‘lovchisi sifatida hisobga turishi shart;
  • Asbest, ko‘mir, yog‘och materiallari, yog‘och va undan tayyorlangan buyumlar, uglevodorod xomashyosi, soya danagi, kungaboqar va kunjut urug‘lari, moyli xomashyo va shakar xomashyosi bo‘yicha QQSdan, shu jumladan, import qilinganda ham imtiyozlar bekor qilinadi:
  • qishloq xo‘jaligi texnikasi, avtotransport vositalari, avtotransport vositalarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan butlovchi buyumlar, materiallar va texnologik asbob-uskunalar;
  • yuridik shaxslarning tijorat banklariga joylashtirgan mablag‘laridan foiz ko‘rinishida olingan to‘lov manbaini foyda solig‘idan ozod qilish bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinadi.