24−28 iyun kunlari “Toshkent” Ryespublika fond birjasi savdolarida 24 ta aksiyadorlik jamiyatining qimmatli qog‘ozlari bilan 377 ta bitim qayd qilindi. Bu haqda birja ma’lumotlari dalolat beradi.

Xafta davomidagi savdolar natijasida 416,65 mln dona korporativ qimmatli qog‘ozlar bilan jami 16,35 mlrd so‘mlik bitimlar amalga oshirildi.

Xafta davomida amalga oshirilgan bitimlarning aksariyat qismini aksiyadorlik jamiyatlarining oddiy aksiyalari bilan tuzilgan bitimlar tashkil etadi.

Imtiyozli aksiyalar bilan esa 9 ta aksiyadorlik jamiyatining 2,85 mln dona imtiyozli aksiyalari bilan 20,69 mln so‘mlik 44 ta bitim amalga oshirildi va bu xafta davomida tuzilgan bitimlar sonining 11,7%ini, savdo hajmi bo‘yicha esa umumiy haftalik savdo aylanmasining 0,13%ini tashkil etdi.

Banklar sektoriga mansub jamiyatlar qimmatli qog‘ozlari bilan tuzilgan bitimlar “Toshkent” RFB savdo aylanmasi hajmining eng katta qismini, aniqroq aytganda 96,3%ini tashkil qildi.

Savdolarda 5 ta aksiyadorlik tijorat banklari qatnashgan bo‘lsada, banklar kesimida xaftalik savdo aylanmasi hajmining 96,1%ini, umumiy haftalik savdo aylanmasi hajniming esa 92,5%ini “Hamkorbank” ATB ning 2,49 ming dona imtiyozli va 409,03 mln dona oddiy aksiyalari bilan tuzilgan 15,13 mlrd so‘mlik 30 ta bitim tashkil etdi.