10 iyul kuni Jizzax viloyati hokimligida Amerikaning Alfa Eco Corporation MCHJ kompaniyasi boshqaruvchisi Fima Potik bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, xabar beradi hokimlik matbuot xizmati.

Amerika kompaniyasi viloyatda 2020 yilning so‘ngiga qadar sement zavodini ishga tushirishni rejalashtirmoqda.

Loyiha doirasida umumiy qiymati 300 mln $ to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritish evaziga 800−1000 ta ishchi o‘rni yaratilishi rejalashtirilmoqda.

Zavod qurilishi uchun xomashyo bilan birgalikda 200 gektar infratuzilmaviy sharoitga ega yer maydoniga ehtiyoj borligi muzokaralar davomida kompaniya vakillari tomonidan bildirildi.

Alfa Eco Corporation MCHJ — to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar fondiga ega bo‘lgan xususiy biznes tashkilotidir. Kompaniya sog‘liqni saqlash, muqobil energiya va energetik yechimlar, innovatsion texnologiyalar, xavfsizlik yechimlari, metallurgiya va tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, qurilishni rivojlantirish kabi sohalarda faoliyat olib boradi.

Ilgari Spot Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan Jizzax viloyati Forish tumanida yiliga 4 million tonna portlandsement ishlab chiqarish quvvatiga ega sement zavodi qurilishi haqida xabar bergan edi.