Spot avval moliyaviy tahlilchi Aziz Alimovning QQSga o‘tish qanday kompaniyalar uchun manfaat keltiradi va boshqalarga tushgan og‘irlikni qay yo‘sinda yengillashtirish mumkinligi to‘g‘risidagi maqolasini taqdim etgan edi.

Endi ekspert taklif etilayotgan yechimdagi asosiysi QQS stavkasini 12% gacha kamaytirish ekanini tushuntiradi. Bu holatda, u biznes foyda solig‘i oshganini his qilmaydi va soliq yuki kamayadi deb hisoblaydi. Aziz Alimov o‘z nuqtai nazarini misollar va hisob-kitoblar orqali tushuntirib berdi.

Aziz Alimov

Iqtisodchi, moliyaviy konsultant, sertifikatli amaliyotchi buxgalter, auditor

Mening “Foyda solig‘ining oshishi qanday qilib O‘zbekistonda biznesning soyadan olib chiqishga yordam beradi” nomli maqolam ijtimoiy tarmoqlarda katta munozaralar keltirib chiqardi, shu jumladan, bir qancha salbiy sharhlar ham e’lon qilindi. Ehtimol bu maqolaning sarlavhasi, shuningdek, matnning avvalida foyda solig‘ini oshirish to‘g‘risida so‘z borgani bilan bog‘liqdir.

Biroq shuni ta’kidlashni istardimki, maqolaning asosiy ma’nosi biznesga katta yuk bo‘lib tushayotgan qo‘shimcha qiymat solig‘i stavkasini kamaytirishga qaratilgan edi. QQS bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinishini hisobga olib, agar stavka kamaytirilmasa, istiqbolda u halokatli bo‘lib chiqishi mumkin. Hatto soliqlarning boshqa turlarini oshirish yo‘li bilan bo‘lsa-da, bu halokatdan qochish uchun qo‘ldan kelgan barcha sa’y-harakatlarni qilish lozim.

Nima uchun QQS stavkasini kamaytirish zarur?

Rossiya yoki Qozog‘iston kabi yaqin xorij mamlakatlarida vaziyat birmuncha qulay. Rossiyada garchi 2019 yildan stavka 20%gacha o‘sgan bo‘lsa-da, ahamiyatga molik tovarlar, ayniqsa oziq-ovqat maxsulotlariga QQS deb atalgan stavka bo‘lib, u 10%ni tashkil etadi. Qozog‘istonda QQS stavkasi — 12%.

Har ikki mamlakatda foyda solig‘i stavkasi 20% va bu o‘rinda ularda bozor iqtisodiyoti deyarli mustaqillik qo‘lga kiritilgan paytdan beri mavjudligini ham hisobga olish kerak. Bizning mamlakatimizda esa to‘laqonli bozor mexanizmlari yaqindagina — ikki yil avval shakllana boshladi. Kichik va o‘rta biznes QQSning bunday yukini ko‘tara olmasligi mumkin.

Davlat Soliq qo‘mitasi va Moliya vazirligi vakillarining tadbirkorlik subyektlari bilan yaqinda o‘tkazgan yig‘ilishlaridan keyin QQS bo‘yicha barcha imtiyozlar bekor qilinishi haqida qaror qilindi. Biroq, afsuski, soliq stavkasini pasaytirmaslikka qaror qildilar. Meni DSQ va Moliya vazirligining bu pozitsiyasi va bu borada biron tushuntirish berilmagani hayratga soldi.

Albatta, stavkalar QQS bo‘yicha hisobga olish va qaytarishga bog‘liq emas. Imtiyozlar mavjudligida bu qaytarish va hisobga olishlarni amalga oshirish mumkin emasdi. Biroq shuni aytishni istardimki, qo‘shilgan qiymat — bu odatda, ish haqi va foyda, ular bo‘yicha xisobga olish mumkin emas. Bu esa JShDS va YITni hisobga olganda MHFga qo‘shimcha yuk bo‘ladi. Ya’ni, amaldagi og‘irlik 12% + 12% + 20% = 44%ni tashkil etadi.

QQS bo‘yicha soliq olinadigan baza — realizatsiya bo‘yicha aylanma bo‘lgani uchun daromadlarni qoplash ommaviy tartibda yuz beradi va bu holatda biznesni legallashtirishni butunlay unutish mumkin deyavering.

Natijada soliq organlari byudjetga mablag‘lar kelib tushishini ta’minlash uchun ma’muriy chora-tadbirlar bilan nazorat va tekshiruvlarga ko‘p vaqt sarflashga majbur bo‘ladilar va bu oxir oqibatda ular bilan biznes o‘rtasidagi muloqotni uzil-kesil barbod qiladi, salbiy oqibatlarni kuchaytiradi va korrupsiyani oshiradi, bularning bari mamlakatimizning shunday ham ancha nozik iqtisodiyotida o‘z aksini topadi.

Shuning uchun men foydadan olinadigan soliq stavkasini 22%gacha oshirish orqali murosali yo‘lni taklif qilgandim. QQS stavkasi 12%gacha pasaytirilgan holatda foyda solig‘i stavkasi oshirilishidan kelib chiqadigan salbiy samara u qadar sezilarli bo‘lmaydi.

Misollar va hisob-kitoblar

Keling, vaziyatni avvalgi maqolalardan misollar asosida ko‘rib chiqaylik. Agar sizning daromadingiz (aylanma) 10 000 000 so‘mga teng bo‘lsa, unda to‘lanadigan QQS 20%lik stavkada 10 000 000×20 / 120 = 1 666 667 so‘mni tashkil qiladi.

Xo‘jalik faoliyati bo‘yicha harajatlar (2 000 000 so‘m) mahsulot yetkazib beruvchining kirim QQSini shakllantiradi. Bu 2 000 000×20 / 120 = 333 333 so‘mga teng bo‘lib uni hisobga olish mumkin bo‘ladi. Shunday qilib:

Sof daromad = 10 000 000 − 1 666 667 = 8 333 333 so’m

Xo‘jalik faoliyati bo‘yicha sof harajatlar = 2 000 000 − 333 333 = 1 666 667 so’m

Qolgan harajatlar qismi avvalgidek qoladi.

Endi keling, QQSning 20%lik stavkasidagi va 12%dagi mavjud foyda solig‘idagi hisob-kitoblarga nazar tashlaymiz:

Savdodan sof daromadlar

8 333 333

Ish haqi

5 000 000

Xo‘jalik faoliyati bo‘yicha sof harajatlar

1 666 667

JShDS

681 818

YIT

681 818

Foyda solig‘i (12%)

36 364

Sof yoyda

266 667

Jami soliqlar

2 733 333

Endi esa QQSning 12%lik stavkasidagi va foyda solig‘ining 22%gacha oshirilgan stavkasidagi hisob-kitoblarni ko‘rib chiqamiz:

Savdodan sof daromadlar

8 928 571

Ish haqi

5 000 000

Xo‘jalik faoliyati bo‘yicha sof harajatlar

1 785 714

JShDS

681 818

YIT

681 818

Foyda solig‘i (22%)

171 428

Sof foyda

607 792

Jami soliqlar

2 392 207


Chiquvchi QQS = 10 000 000×12 / 112 = 1 071 429 so’m

Savdodan sof daromadlar = 10 000 000 − 1 071 429 = 8 928 571 so’m

Kiruvchi QQS = 2 000 000×12 / 112 = 214 286 so’m

Xo‘jalik faoliyati bo‘yicha sof harajatlar = 2 000 000 − 214 286 = 1 785 714

Agar biz har ikki hisob-kitobni oladigan bo‘lsak, foyda ikki baravardan ortiqligini ko‘ramiz. Foyda solig‘i stavkasining 22%gacha oshirilishi QQSning 12%gacha pasaytirilishi bilan taqqoslaganda arzimasligi ko‘rinadi.

Albatta, nazariy jihatdan olganda byudjet 2 733 333 − 2 392 207 = 341 126 so‘m olmaydi. Biroq, yashirin biznesda JShDS, YIT va QQS bo‘yicha soliq olish bazasi hisobotda to‘la ko‘rsatilmasligi ham bor gap.

Mos ravishda bu soliqlar oxirigacha to‘planmasligi yuz beradi. Natijada soliq organlari vaqt va soliq to‘lovchilarning mablag‘larini ketkazib, ushbu soliqlarni yig‘ish bo‘yicha ma’muriy choralar qo‘llashiga to‘g‘ri keladi. Bu esa soliq organlari va biznes o‘rtasidagi amaliy muloqotni deyarli yo‘q qiladi va korrupsiyali, yanada salbiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin.

Axir ayni soliq organlari va biznes o‘rtasidagi amaliy muloqot har qanday mamlakatning samarali faoliyat olib boradigan iqtisodiyotida asos hisoblanadi. Albatta, agar, yuqorida ko‘rsatilgan barcha chora-tadbirlardan keyin tadbirkorlar suiste’mol qilishda davom etadigan bo‘lsa, unda ma’muriy choralar ko‘rish o‘zini oqlaydi.

Soliq kodeksida yana nimani o‘zgartirish lozim?

Hozirgi Soliq kodeksida ayrim isloh qilinishi zarur bo‘lgan jihatlar bor. Keling, ularni batafsilroq ko‘rib chiqamiz.

1. Soddalashtirilgan deb atalayotgan QQSni bekor qilish. QQSning bu turi biznes uchun ham, davlat uchun ham hech qanday ijobiy rol o‘ynagani yo‘q. QQS bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinishi bilan, o‘ylaymanki, bu shakldagi QQSning zaruriyati o‘z-o‘zidan qolmadi.

2. O‘zR Soliq Kodeksining “Moddiy naf tarzidagi daromadlar” haqidagi 177 moddasiga tegishli soliqni hisoblashda chegirib tashlanmaydigan harajatlarning bekor qilinishi. Ularni chegirib tashlanmaydigan harajatlar ro‘yxatidan chiqarish lozim. Bu harajatlar tarkibida xodimga to‘lanadigan to‘lovlar bilan bog‘liq har qanday harajatlar bo‘lmasligi kerak. Soliq bilan bog‘liq oqibatlardan qochish uchun ko‘p tashkilotlar bu to‘lovlarni, ta’bir joiz bo‘lsa “kassani chetlab” amalga oshiradilar. Buning oqibatida byudjet JShDS va YITni foyda solig‘i qismidan tashqari yetarlicha ololmaydi.

3. JShDS bo‘yicha soliq olinmaydigan minimumni joriy etish. Mamlakatimizda kun kechirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘ning eng oz miqdori oyiga o‘rtacha 1 500 000 so‘mni tashkil qilar ekan, maqbul soliq olinmaydigan minimum ish haqining eng oz miqdorining 2,5 hajmida bo‘ladi. Shu munosabat bilan yollanma mehnat teng sharoitlarda bo‘lishi uchun JShDS bo‘yicha ko‘plab imtiyozlarni chiqarib tashlash ham zarur.

4. Yagona tarif tizimi o‘rniga mehnatning bozor okladlari yagona klassifikatsiyasini joriy qilish. Yagona tarif tizimi tushunchasining o‘zi — tushunarsiz va ko‘p to’siqlar keltiradi. Eng oz miqdordagi koeffitsiyent va mehnatga haq to‘lashning eng oz miqdori masalasida hammasi tushunarli, biroq qolgan razryadlar bir-biriga o‘ta ziddir. Eng yuqori koeffitsient nimaga asoslangan holda o‘rnatilishi tushunarsiz.

Bunday tizim odatda byudjet tashkilotlarida amal qiladi. Buning ustiga ko‘p tashkilotlar JShDS va YIT to‘lashdan qochish maqsadida o‘z hodimlariga mehnatga haq to‘lashning eng oz miqdorini o‘rnatadilar va qolgan qismini konvertda beradilar.

Yuqorida aytilganlardan xoli bo‘lish uchun Mehnat vazirligi kasbi, lavozimi, ish tajribasi va boshqalardan kelib chiqqan holda mehnatning bozor okladlari yagona klassifikatsiyasini joriy etishi lozim. Vazifa, albatta, murakkab, biroq zarur. Bu klassifikatsiyaga asosan xodimning bozor okladi va uning ish haqi o‘rtasidagi farqdan qo‘shimcha JShDS va YIT solig‘i olinadi. Shuningdek, tashkilotlarga maoshlar borasida nayrang qilishni to‘xtatish imkonini beradi.

5. Soliq bo‘yicha barcha bo‘nak to‘lovlarini bekor qilish. Avvaliga bu chora meni juda ajablantirdi. U hech qanday tanqidga sig‘maydi. Soliq to‘lovchi soliqni qandaydir tahmin qilingan natija bo‘yicha emas, balki aniq dalil bo‘yicha to‘laydi — bu moliya qonuni. Bunday choralar buxgalterlarni ularning bevosita majburiyatlaridan chalg‘itadi. Ko‘p xatolar yuzaga keladi. Bo‘yin tovlash holatlarida yana qandaydir sanksiyalar mavjud bo‘ladi. Bu yerda pozitsiya aniq — bu tushunarsiz narsalarni olib tashlash kerak.

6. Barcha biznes subyektlari uchun avtomatlashtirilgan onlayn-buxgalteriyani majburiy joriy etish lozim. Unga muvofiq soliq organlari soliq to‘lovchining buxgalterlik hisobini nazorat qiladi, soliq olinadigan bazani aniqlaydi, soliqni hisoblab uni to‘lovga qo‘yadi. Buxgalterlarni bu ishdan ozod qilish vaqti keldi. Soliq to‘lovchi soliq hisoblarini tekshirib, uni to‘lashi lozim. Bu shuningdek, soliq organlarining biznes bilan “barcha salbiy o‘zaro munosabatlarga” (xabardor qilish, tekshiruv, xatlar) barham beradi. Eshitishimga qaraganda, bu yo‘nalishda ish boshlab yuborilgan.