Moliyaviy konsultant Aziz Alimov QQS O‘zbekistondagi narxlarga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi va bu soliq turiga o‘tishdan kelib chiqadigan salbiy inflyatsiya oqibatlarini kamaytirish uchun nima qilish kerakligi haqida yozadi.

Aziz Alimov

Iqtisodchi, moliyaviy konsultant, sertifikatli amaliyotchi buxgalter, auditor

2019 yilning 1 yanvaridan soliq olishning yangi tizimi joriy etilishi ko‘pchilik tadbirkorlik subyektlari uchun soliq to‘lash borasida bir qator savollar keltirib chiqardi.

Ayniqsa qo‘shimcha qiymat solig‘i atrofida juda qizg‘in munozaralar bormoqda. QQS qanday qo‘shib hisoblanadi? Nega Soliq kodeksida qo‘shimcha qiymatdan emas, balki realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmadan (ya'ni tushumdan) olinadigan soliq bazasi ko‘rsatilgan?

QQS qanday qo‘shib hisoblanishini tushunish uchun avval qiymat zanjirini yaratishda mahsulot yoki xizmat bahosi nimadan tarkib topganini aniqlashtirib olamiz. Avval aylanmadan 5% to‘lagan, endi esa 20% QQS to‘lashi lozim bo‘lgan korxonani olamiz.

Narx formulasi barcha uchun quyidagicha:

Baho (Narx) = oraliqdagi iste’mol + ish haqi + boshqa harajatlar + qo‘shimcha narx

Oraliqdagi iste’mol -hisobot davri davomida boshqa tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida iste’mol qilingan tovar va xizmatlarning qiymati. Boshqacha aytganda bu xo‘jalik shartnomalari bo‘yicha sotib olingan barcha tovar va moddiy qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlar hamda xizmatlarning narxi.

Qo‘shimcha qiymatni quyidagi formula orqali bayon qilish mumkin:

Qo‘shimcha qiymat = ish haqi + boshqa harajatlar + qo‘shimcha narx = Qiymat (narx) — Oraliqdagi iste’mol

QQS hisobi quyidagicha aks etadi:

QQS = qo‘shimcha qiymat * 20% = Qiymat (Narh) * 20% − oraliqdagi iste’mol * 20%

Shunday qilib, QQS sotuvdan olingan soliqdan farqli ravishda (YST) mahsulotning to‘la qiymatidan emas, balki oraliqdagi iste’molni, ya’ni qo‘shimcha qiymatni chiqarib tashlagan holdagi qiymatni qo‘shib hisoblanadi. Uning to‘liq hajmi davlat byudjetiga zanjirning turli qismlaridan turli vaqtlarda bo‘lak-bo‘lak tushadi.

Sotuvdan olinadigan soliqni qo‘shib hisoblashda formula quyidagicha aks etadi:

Qiymat * 5% = Oraliqdagi iste’mol 5% + Ish haqi 5% + Boshqa harajatlar 5% + Qo‘shimcha narh * 5%

Ya’ni, qo‘shimcha qiymatdan tashqari oraliqdagi iste’mol ham soliqqa tortiladi.

Nima afzal: umumiy qiymatdan 5% to‘lashmi yoki qo‘shimcha qiymatdan 20%mi?

Bu o‘rinda oraliqdagi iste’molning hajmi asosiy rol o‘ynaydi. Agar u qiymatning katta qismini tashkil etsa, albatta, QQSni qo‘llash foydali. Aksincha holatda sotuvdan past stavkada olinadigan soliq ma’qulroq, negaki, past oraliq iste’molida va yuqori qo‘shimcha qiymatda 20% stavka bo‘yicha soliq birmuncha yuqori stavka bo‘yicha aylanmadan olinadigan soliqqa qariyb teng bo‘ladi.

Yuqoridagi formulalar oraliq iste’molining barcha ishtirokchilari QQS to‘lovchilari bo‘lgan sharoitda dolzarb ekanini ta’kidlamoqchiman. Aks holda oraliq iste’moli bahosi qo‘shimcha qiymatga kirib ketadi, bu esa soliq olinadigan baza o‘sishiga olib keladi.

Iqtisodiyotning qaysi sohalari uchun QQS bilan ishlash foydali?

  1. Mahsulot ishlab chiqarish
  2. Ulgurji va chakana savdo
  3. Qurilish

Bu sohalardagi korxonalar uchun QQS foydali, negaki, oraliq iste’molining umumiy qiymatdagi ulushi yuqori va ishlatilgan tovar va xizmatlar, hatto import qilinganlari (tabiiy agar barcha oraliq iste’molchilari QQS to‘lovchilari bo‘lsa) bo‘yicha ham QQS borasida katta imkoniyatga ega.

Qaysi sohalarga QQS bilan ishlash foydasiz?

  1. Xizmat ko‘rsatish
  2. Umumiy ovqatlanish

Xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarda asosan yakuniy mahsulot qiymatidagi asosiy ulushni ish haqi tashkil etadi va u qo‘shimcha qiymatning bir qismi hisoblanadi. Mos ravishda tabiiyki, u soliq olish bazasini oshiradi.

Garchi ayrim xizmat ko‘rsatish korxonalarida qiymatning asosiy qismini investitsiya yoki nomoddiy aktivlar va asosiy vositaga kiritish tashkil etgan bo‘lishi mumkin. Qabul qilingan Soliq islohoti konsepsiyasiga muvofiq, sotib olingan asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar bo‘yicha ham QQS hisobga olinadi. Bu holatda xizmat ko‘rsatish sohasi korxonalari katta ustunlikka ega bo‘ladi.

Umumiy ovqatlanish bo‘yicha yakuniy mahsulot qiymatidagi asosiy ulushni qiymati QQSdan ozod etilgan qishloq xo‘jalik ishlab chiqaruvchilari maxsulotlari tashkil etadi. Shunday qilib, oraliqdagi iste’mol yuzasidan QQS bo‘yicha hisobga olishning imkoniyati yo‘q.

Soliq yuki og‘ir bo‘lmasligi uchun nima qilmoq kerak?

Xizmat ko‘rsatish va umumiy ovqatlanish sohalari uchun istisno ravishda muddatsiz past stavkadagi va aylanma bo‘yicha limitsiz QQSning soddalashtirilgan tartibini joriy etish maqsadga muvofiq bo‘lishi mumkin.

Soddalashtirilgan QQS jadvaliga nazar tashlaymiz: bu yerda QQSdan foyda ko‘rayotgan sohalar o‘rin olgan. Ular uchun soddalashtirilgan tizimni qo‘llashning ma’nisi yo‘q.

Buning ustiga korxonalar QQSning soddalashtirilgan tizimi bo‘yicha oraliq iste’moli yuzasidan qo‘shimcha qiymat solig‘i summasini hisobga olish imkoniyatiga ega emaslar, bu esa qariyb sotuvdan olingan soliq demakdir va soliqning bor ma’no-mazmunini qo‘shimcha qiymatga tenglashtiradi.

To‘lovchilar

Soliq olinadigan bazaga % hisobida soliq stavkalari

1.

2−6 bandlarda ko‘zda tutilganlardan tashqari iqtisodiyotning barcha sohalaridagi yuridik shahslar

7

2.

Qurilish tashkilotlari

8

3.

Ulgurji, chakana, ulgurji-chakana savdoni amalga oshiruvchi savdo korxonalari

6

4.

Umumiy ovqatlanish korxonalari, mehmonxona xo‘jaliklari

10

5.

Professional xizmatlar (auditorlik xizmatlari, soliq bo‘yicha konsultatsiya berish, konsalting, brokerlik xizmatlari va boshqalar) ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar

15

6.

O‘zi ishlab chiqargan maxsulotlarni istisno etgan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini realizatsiya qiluvchi yuridik shaxslar

4

Shu bilan birga xizmat ko‘rsatish sohasi va umumiy ovqatlanish korxonalari bo‘yicha QQS stavkalari qo‘shimcha qiymat solig‘i birmuncha foydali bo‘lgan sohalardagi stavkalardan ancha baland.

Shuning uchun mazkur sohalardagi korxonalarning soliq yukini pasaytirishi mumkin bo‘lgan yagona yechim — QQS stavkasini muddatsiz davrda aylanma bo‘yicha limitsiz 8% gacha tushirishdir. Boshqa sohalar korxonalari uchun yagona 20% lik stavkani qoldirish maqsadga muvofiq.

QQS qanday qilib narx-navo darajasi va umuman inflyatsiyaga ta’sir qilishi mumkin?

Avvallari savdodan soliq to‘lash chog‘ida ko‘pchilik korxonalar uni sotishdagi narx yoki qiymatga kiritib yuborar edilar. Bundan tashqari import qilingan mahsulotga bo‘lgan qo‘shimcha qiymat solig‘i korxona o‘zi ishlab chiqargan mahsulot tannarxiga ham kiritilar edi. Natijada mahsulot zanjiri yaratilishining barcha bosqichlaridagi narxlar oshar va iste’molchi uchun juda yuqori bo‘lib ketar edi. QQSni tanarxga kiritish kerak emas. Shu dalilnning o‘zi harajatlarni maqbullashtirish va narx oshishiga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradi. Ohir-oqibatda bu QQSni hisobga kiritish mumkin bo‘ladi.

Biroq soliqning bu turi mohiyatini va qanday hisoblanishini tushunmaslik oqibatida ko‘pchilik soliqni narhga qo‘shishni boshlaydi. Natijada zanjir yaratishning birinchi bosqichidagi bunday ishlar zanjirning keyingi bosqichlarida iste’molchi uchun narxlar juda qimmat bo‘lib ketishiga sabab bo‘ladi.

Keling, buni quyidagi misolda ko‘rib chiqaylik.

Taxmin qilaylik, korxona keyinchalik ichki bozorda sotish maqsadida tayyor import mahsulotini sotib oladi. Narxi — 3000 so‘m (so‘mga aylantirganda), importga QQS — 600 so‘m. Ilgari QQS tovar tannarxiga kiritilardi, bu esa uning narxi oshishiga (3600 so‘m) olib kelardi, endi to‘langan soliq hisobga kiritiladi.

Ichki bozorda korxona tovarni 4200 so‘mdan sotadi. Aslida u QQSni narhdan olib chiqishi (4200 * 20 / 120) lozim, va daromad 3500 so‘mni tashkil etadi, QQS esa — 700 so‘mdan iborat bo‘ladi. Natijada daromad 500 so‘mni (3500 − 3000), to‘langan QQS esa — 100 so‘mni tashkil qiladi.

Biroq, soliqqa tortish mohiyatini tushunmaslik tufayli vaziyat quyidagicha ko‘rinish kasb etishi mumkin: QQS = 4200 * 20% = 840, va yakuniy iste’molchi uchun narx yuqori bo‘ladi — 5040 so‘m (4200 + 840).

Bu holatda byudjetga yana qo‘shimcha 240 so‘m (840 − 600) to‘lashga to‘g‘ri keladi. Va zanjirning keyingi bosqichlarida yanada qimmatlashadi va narx oshishi hamda inflyatsiyani chaqiradi.

Xizmat ko‘rsatish va umumiy ovqatlanish sohalari korxonalariga kelganda, ular o‘z harajatlarini qoplash uchun QQSni joriy narxdan olib tashlash emas, balki uni aylantirishga majbur bo‘ladilar, negaki, qo‘shimcha qiymat solig‘i bu holatda ehtimol tutilgan hisoblash uchun emas, balki aynan harajat sifatida namoyon bo‘ladi.

Salbiy inflyatsiya oqibatini qanday kamaytirish mumkin?

Salbiy oqibatlarni yumshatish uchun dastlabki bosqichda ma’muriy choralar ko‘rishga, ya’ni, korxonalar soliqni narxga qo‘shmasliklari uchun qo‘shib hisoblangan soliqni nazorat qilishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Davlat organlari, xususan Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi bilan parallel ravishda QQS hisobi bo‘yicha biznes vakillari o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borishni davom ettirish lozim.

Ko‘pchilik aytishi mumkin, bozor korxonalarga QQSni narxga kiritishga imkon bermaydi — ular noraqobatbardosh bo‘lib qolishi mumkin. Biroq bizning bozorimizda katta raqobat borligiga mening ishonchim komil emas.

Birinchidan, biznes vakillari bilan muloqot qilib, shuni sezdimki, ko‘pchilik QQS mohiyatini to‘la tushunib yetgani yo‘q va uni mavjud narxga kiritishga tayyor. Hamma narxlarni oshiradigan bo‘lsa, unda hech qanday raqobat haqida so‘z bo‘lishi mumkin emas.

Ikkinchidan, bizda bozor juda kuchli monopoliyalashtirilgan. Buni hamma tan oladi. Hatto xususiy sektorda ham yakka hukmronlik mavjud.

Boshqa mamlakatlarda biron bir mahsulotni ishlab chiqaruvchi o‘nlab va xatto yuzlab korxonalar bor, bu esa raqobatni sezilarli ravishda kuchaytiradi. Bunday vaziyatda yakkahukmronlik kelishuvi umuman mumkin emas. Bizda bir sohada buncha miqdordagi korxona yo‘q. Ularning aksariyati ayniqsa, narx belgilanishi, ish haqi darajasi sohasida yakkahukmronlik kelishuvidan foydalanadi, bu esa bozordagi raqobatni qariyb yo‘q qiladi.

Bu vaziyatdan qanday chiqish mumkin? Hozircha biz raqobatning zarur bo‘lgan darajasiga erishmas ekanmiz, biron raqobat bozorini tashkil etish va mos ravishda narhlarni barqarorlashtirish uchun hech bo‘lmasa, xorijdan keltirilgan tayyor mahsulotga bojxona to‘siqlarini olib tashlash yoki pasaytirish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Bu ko‘p korxonalarga o‘z mahsulotlarini realizatsiya qilish va yakkahukmronlik oqibatini tenglashtirish uchun ko‘p kuch sarflash imkonini beradi. Zero, juda ko‘p korxonalar davlat tomonidan proteksionistik himoyani his qilib, rivojlanishdan deyarli to‘xtaydi va ortiqcha urinmay hatto sifati past bo‘lsa-da, o‘z mahsuloti “qaymog‘i"ni oladi. Shu bilan birga garchi hozir deyarli amalda qilinmasa-da, bu ularni o‘z harajatlarini maqbullashtirishga undaydi.

Shu yo‘sinda, barcha tadbirkorlik subyektlariga QQSga o‘tish foydali bo‘lishi va narhlar o‘sishini tenglashtirish uchun quyidagilar zarur:

  1. Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan qo‘shimcha qiymat solig‘ini hisoblash, aks ettirish va to‘lash bo‘yicha tushuntirish ishlarini davom ettirish, bir vaqtning o‘zida narh belgilanishi ustidan nazorat qilish bo‘yicha ma’muriy choralar ko‘rish maqsadga muvofiq.
  2. Xizmat ko‘rsatish va umumiy ovqatlanish sohalari korxonalari uchun istisno tariqasida QQSni hisoblashning soddalashtirilgan tizimini qo‘llash soliq stavkasini hech bo‘lmasa 8%gacha, muddatsiz davrga limit o‘rnatmagan holda pasaytirish zarur.
  3. Dastlabki bosqichda yakkahukmronlik oqibatlarini tekislash uchun import tovarlarga bojxona to‘siqlarini bekor qilish yoki kamaytirish yo‘li bilan raqobat bozorini tashkil qilish.

Bu choralarning barchasi faqat tadbirkorlik subyektlari bilan hokimiyat organlari o‘rtasida o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlar qaror topgandagina samara keltiradi.

Ilgari Ildus Kamilov QQS joriy etilganidan beri O‘zbekistonda biznes sohasida qanday o‘zgarishlar bo‘lgani va soliq islohoti mamlakatda narxlarga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani haqida Spot uchun maxsus yozgan edi.