QQSning joriy etilishi ishlab chiqaruvchilar, importchilar, savdo tarmoqlariga, oxir-oqibat iste’molchi uchun narxlarga ta’sir ko‘rsatishi va soliq olishdagi boshqa o‘zgarishlar haqida institutsional islohotlar bo‘yicha ekspert Ildus Kamilov Spot uchun mahsus yozadi.

Ildus Kamilov

Institutsional islohotlar va iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha ekspert, undan avval Iqtisodiy tadqiqotlar markazining katta muvofiqlashtiruvchisi bo‘lib ishlagan

Avval soliq islohotlari konsepsiyasi, aniqrog‘i, uning turlari, keyin 2019 yilning 1 yanvaridan soliq olish tizimiga kiritilgan o‘zgarishlar biznesmenlar, iqtisodchi ekspertlar, buxgalterlar va xatto oddiy iste’molchilar o‘rtasidagi qizg‘in baxslarga sabab bo‘ldi. Bu baxslarda bir qator ancha o‘tkir aspektlar bor.

  • QQSning joriy etilishi narlarning oshishiga olib keladimi, umuman bu soliq kerakmi o‘zi?
  • Soliq olishning soddalashtirilgan tizimini (SOST) qo‘llashning yangi mezonlari tadbiq etilishi kichik tadbirkorlik uchun muammolar keltirib chiqaradimi?
  • Ish haqi oshishi va “ish haqi soliqlarini” qisqartirish hisobiga bu borada ochiqlikka erishilishini kutish asoslanganmi?

Shu jihatlarni ko‘rib chiqamiz. Biroq avval hukumatning islohotlar o‘tkazish borasidagi g‘oyalari haqida ikki og‘iz so‘z.

Yaxshiroq bo‘lishini istaganmidik?

Soliq olishning umumiy tizimi (SOUT), shu jumladan QQS ga tushadigan korxonalar ro‘yxatini kengaytira turib hukumat haqiqatdan ham yaxshi bo‘lishini istaydi. Va davlat byudjetini to‘ldirish ma’nosidagina (aslida bu ham muhim) emas. Hukumat iqtisodiyotni soyadan chiqarish va korxonalarni yiriklashtirishni rag‘batlantirish hisobiga ishlab chiqarishni oshirish niyatida.

Yirik korxonalarda aylanmalarni yashirish qiyin, biroq, kerakli buxgalterlik hisobini yuritish osonroq. Yirik mijoz yetkazib beruvchidan biznes yuritishda shaffoflikni talab qila oladi, negaki, bitta noqonuniy schet-faktura jiddiy muammolar bilan xavf soladi.

Yirik korxona investitsiya jalb etish, yangi maxsulotlar chiqarish, yangi ishchilar yollash, sheriklarining maxsulotlariga bo‘lgan talabni oshirish orqali yirik loyihalarni amalga oshirishi mumkin. Ishlab chiqariladigan maxsulot qanchalik murakkab bo‘lsa, uning tarkibidagi va butlovchi materiallar qanchalik ko‘p bo‘lsa iqtisodiyot uchun shunchalik samarali bo‘ladi.

Ammo bir necha nozik jihatlari bor.

Birinchidan, QQS bo‘yicha o‘tish davrining yuki ancha yirik korxonalarga va qisman yakuniy iste’molchilarga tushadi. Soliq olish tartibining o‘zgarishi yirik korxonalarni shunday vaziyatga solib qo‘yadiki, ularning o‘zlari QQS hisobidagi bu zanjirlarni yaratishlariga to‘g‘ri keladi. Bir tomondan mahsulot yetkazib beruvchilarni SSUTga o‘tishga “ko‘ndirish” yoki yangi sheriklarni topish kerak bo‘ladi, ikkinchi tarafdan bu tranzitni o‘z daromadidan qisman moliyalashtirishiga to‘g‘ri keladi, agar bunga imkoniyati bo‘lmasa narxlarni oshiradi yoki harajatni kamaytiradi.

Ikkinchidan, hamma kichik korxonalar ham yiriklashmaydi. Faqat:

  • mavjud tavakkallarga qaramay, bunga qaror qilganlar;
  • buning uchun zarur bo‘lgan resurslarga, birinchi navbatda moliyaviy zahiralarga ega bo‘lganlar;
  • yiriklashtirish jarayonida boshqa kompaniyalar bilan raqobatda zafar quchishi mumkin.

Uchinchidan, iqtisodiyotning qator sohalarida kamida yaqin oylarda bo‘linish va /yoki/ “o‘zini panaga olish” tadbirkorlar uchun maqbulroq qaror bo‘ladi. Keyinchalik kichik va mikrokorxonalarning o‘z ishini davom ettira olishi istiqboli bo‘lajak “qayta shakllantirish” jarayonidan keyin bozorlardagi ahvolga bog‘liq bo‘lib qoladi.

Mohiyatan, ko‘p korxonalar oldiga shunday tanlov qo‘yilgan: o‘z ishini rivojlantirish va optimallashtirish yoki tugatish va qolgan sarmoyani boshqa sohalarga kiritish.

QQS tufayli narxlar oshadimi?

Bugungi vaziyatda bu savolga uzil-kesil javob yo‘q. Negaki, iqtisodiyotning turli sektorlaridagi ahvol turlicha. Biror korxona tomonidan yaratilgan qo‘shimcha qiymatdan emas, balki aylanmadan olinadigan QQSning ijobiy ta’siri bevosita soliq olish zanjirining uzluksizligiga (ya'ni tovar ishlab chiqarishda qatnashadigan barcha korxonalar QQS to‘lovchilari bo‘lganda) bog‘liq.

Biroq, bunday zanjirlar bizda u qadar ko‘p emas va shuning uchun yangi zanjirlar soliq olishdagi o‘zgarishlardan keyin darrov yuzaga keladi, degan xayollarga berilishning hojati yo‘q.

Aksariyat korxonalar kichik korxona maqomida bo‘lib, QQS va boshqa soliqlar bo‘yicha tarmoq yoki individual imtiyozlardan foydalanib kelgan. Bir qator imtiyozlar saqlanib qoldi — masalan, avtosanoat korxonalari uchun QQS bo‘yicha imtiyoz bor, shu bilan birga yangilari qabul qilindi — qator oziq-ovqat maxsulotlari QQS to‘lovidan ozod etildi, soddalashtirilgan QQS tartibi joriy qilindi.

Bundan tashqari, korxona harajat va daromadlarining tegishli tuzilmasi tomonidan butun zanjir bo‘yicha belgilangan ustama narxlarga ham ko‘p narsa bog‘liq. Bu raqamlar tijorat siri hisoblanadi va na davlat organlarida, na uning hamkorlarida bu borada to‘liq ma’lumot bo‘lmaydi. Daromad va harajatlar haqida faqat raqobatchilar taxminiy hisob-kitobga ega bo‘lishi mumkin, negaki, ularning o‘zi ham shunga o‘xshash sxemada ishlaydi.

Hamkorlar o‘rtasida soliq yukini qayta hisoblash va qayta taqsimlash vaqt talab qiladi, biroq yakuniy narxlar hatto QQS butun zanjir bo‘yicha joriy etilganda ham o‘zgarishi mumkin.

Shuning uchun agar so‘z mahalliy kichik korxonalar maxsulot yetkazib beradigan nisbatan yirik mahalliy korxona haqida boradigan bo‘lsa, aytish mumkinki, narxlar o‘sish tendensiyasiga ega bo‘ladi. Narx oshishi u qadar sezilarli bo‘lmasligi mumkin, negaki, 2018 yilning iyunida Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlangandan so‘ng kompaniyalar narxlarni qayta ko‘rib chiqishni boshlaganlar.

2019 yilning 1 yanvaridan QQSga tushgan xizmat ko‘rsatish va umumiy ovqatlanish korxonalari QQS hisobi bo‘yicha katta imkoniyatlarga ega bo‘lishi qiyin. Narxlarni eng yuqori darajada ko‘tarmaslik uchun QQS joriy etilishi munosabati bilan harajatlar qisman narxlarga kiritiladi, qisman foydani kamaytirish hisobiga, yana bir qismi “kassani chetlab” naqd pulga hisob-kitob qilish yo‘li bilan qoplanadi.

Korxona QQS bo‘yicha hisob zanjiri hosil qilmas ekan, bu soliqning narxlarga ta’siri huddi aylanmadan (tushum) olingan soliqdagi kabi, faqat ancha yuqori darajada bo‘ladi.

Shuni istisno qilish mumkin emaski, ayrim kompaniyalar yuz berayotgan o‘zgarishlarni tushunmaslik va umumiy trendga rioya etish, ya’ni “hamma oshiryapti va biz ham oshiramiz” prinsipi oqibatida narxlarni ko‘taradilar. Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi soliq islohotlari bo‘yicha tushuntirish ishlarini davom ettirayotganlarini qayd etish lozim. Biroq faqat vaqt bu ish nechog‘lik samarali ekanini namoyish etadi.

Qayerda narxlar o‘zgarishsiz qoladi yoki hech bo‘lmasa juda ko‘p oshmaydi? Shubhasiz, bu katta qismi QQS to‘lovini amalga oshirib bo‘lgan import tovarlarga taalluqli. Biroq har doim ham importchilar QQSto‘lovchilari hisoblanmaydi. Demak, ularning mijozlari — QQS to‘lovchilari bu soliq to‘langan hisobni qabul qila olmaganlar, bu esa narxlar oshishiga sabab bo‘lgan.

Endilikda SOOT yoki SOUT ni qo‘llash korxonaning ishchilari miqdoriga emas, tovar aylanmasiga bog‘liq ekan, shu bilan birga import bo‘yicha imtiyozlarning bekor qilingani tufayli import bo‘yicha QQS hisobiga imkoniyatlar oshgani kabi, importchi-QQS to‘lovchilari soni ham ko‘payadi.

Shu tarzda tayyor tovarlar kabi, xom ashyo, mahalliy ishlab chiqarishning to‘lov balansi uchun tegishli natijalar keltiruvchi butlovchi materiallar bilan importning jozibadorligi o‘sadi. Agar ishlab chiqarish zanjirini bunday maqbullashtirish eksportning sezilarli darajada o‘sishiga olib keladigan bo‘lsa importning yanada o‘sishini qabul qilish mumkin. Biroq, ko‘pchilik mahalliy korxonalar asosan ichki bozorga ishlaydi.

QQS bilan yuzaga kelgan vaziyat va narxlarning oshishi oziq-ovqat sanoatida ham namoyon bo‘ldi. Mahalliy qishloq xo‘jalik maxsulotlarining katta qismi berilgan imtiyozlar va /yoki/ ishlab chiqaruvchilar maqomi sababli QQS to‘lovidan ozod qilingan. Bu imtiyozlar ijtimoiy sabablarga ham ega bo‘lgan, ya’ni fermerlar va aholiga yuklamani yengillashtirishga qaratilgan edi.

Soliq olishdagi oxirgi o‘zgarishlar munosabati bilan QQS bo‘yicha barcha og‘irlik qayta ishlovchi korxonalarga tushadi. Narxlar 14−15% gacha oshishi mumkin, negaki, mahalliy xom ashyo oxirgi narxda sezilarli ulushni tashkil etadi va QQS bo‘yicha hisob imkoniyatini bermaydi. Ularning uncha katta bo‘lmagan qismini maqbullashtirish hisobiga qoplash mumkin, biroq, asosiy og‘irlik kompaniya daromadiga yoki narxga tushadi. Savdo korxonasi bu vaziyatda tanlov imkoniyatini qo‘lga kiritadi — mahalliy ishlab chiqaruvchi yoki importchi bilan ishlash. Konvertatsiya ochilganidan keyin savdo do‘konlarida chet eldan keltirilgan oziq-ovqat mahsulotlari sezilarli darajada ko‘paydi va ularning narxi ham birmuncha raqobatbardosh bo‘lib qoldi.

Importchi va savdo korxonasi qo‘ygan ustama narxdan kelib chiqib, yakuniy iste’molchi uchun narxlar arzimas darajada oshishi, avvalgidek qolishi va xatto pasayishi ham mumkin, Narxlar bo‘yicha qarorlar importchining (chet ellik ishlab chiqaruvchi) marketing strategiyasiga bog‘liq — bozordagi ulushni saqlash qolishmi yoki uni sezilarli darajada oshirish, buni u hal qiladi.

Boshqa soliqlarchi?

QQS soliq olishdagi boshqa o‘zgarishlardan, jumladan biznes ishiga turli ta’sir ko‘rsata oladigan kichik korxonalar uchun kiritilgan yangiliklardan e’tiborni chalg‘itib katta shov-shuv keltirib chiqardi. Bu o‘rinda so‘z foyda, mulk, resurs soliqlari, shuningdek mehnat bo‘yicha soliq olishlar haqida bormoqda. Yakuniy xulosa chiqarishga hali erta, biroq qayd etish mumkin bo‘lgan nuqtalar mavjud.

1 yanvardan mulkni ijaraga berish kabi faoliyat turlari bo‘yicha soliqlar o‘sdi, bu esa ko‘chmas mulk ijarasi bo‘yicha stavkalarning jiddiy oshishiga olib keldi. Ilgari SOSTda bo‘lgan ijarachilar YaSTni aylanmaning 5% hisobidan to‘lar edilar. Endi faoliyatning bu turi bo‘yicha aylanma solig‘i stavkasi 30% ni tashkil etadi, shuningdek, mulk solig‘i ham sezilarli ravishda oshdi. Bu esa savdo nuqtalari va umumiy ovqatlanish, xizmat ko‘rsatish korxonalari, ya’ni ijara yetarli darajada keng qo‘llaniladigan barcha joylardagi harajatlarning (shunga mos ravishda narhlarning ham) o‘sishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Agar kompaniya — ijarachi QQS to‘loviga tushib qolsa, unda soliq ijara uchun ancha yuqori sarflarni ko‘zda tutadigan yangi narhlardan kelib chiqib hisoblanadi. Kichik korxonalar tomonidan biznesni tashkil etishning u yoki bu modeli qanchalik hayotiy ekanini yaqin ikki oy ko‘rsatadi.

Oxir-oqibat u nafaqat tijoriy ko‘chmas mulk bozorini qayta shakllantirishga, balki chakana savdoning jiddiy transformatsiya qilinishiga — chakana savdoning yiriklashtirilishi va uni “oqartirish"ga olib keladi, bu esa davlat byudjeti daromadlari uchun ijobiydir. Chakanadan keyin kichik ishlab chiqaruvchi ham panadan chiqadi.

Bu jarayonning orqa tomoni esa kichik biznesning ma’lum qismi panaga o‘tishidir. DSQ internet orqali savdoning qonuniyligini nazorat qilishi to‘g‘risida ma’lum qildi, bu esa xavf solayotgan tahdidlarni tushunishdan so‘z ochadi. Biroq, davlatning bu xil nazoratni amalga oshirishga sarflaydigan harajatlari olingan foydadan ko‘p bo‘lib chiqishi mumkin.

Ish haqidan olinadigan soliqlarni qisqartirish faqat mehnat tashkil etiladigan qo‘shimcha qiymatning sezilarli qismini shakllantiradigan joydagina ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Boshqa joylarda, agar korxonalarda ish haqi fondi aylanmaning 10% ini tashkil etadigan bo‘lsa, IHF harajatlari bo‘yicha soliqlarning kamaytirilishi bilan ta’minlangan iqtisod kompaniya aylanmasining 1% ini tashkil qiladi.

Bu ma’noda davlat organlarining soliqlar bo‘yicha iqtisodning kattaligi borasidagi tavsiyalari mutlaqo jo‘yali ko‘rinadi. Bir tomondan, aholi daromadlarining o‘sishi — bu iste’molchilik talabini va o‘z navbatida, iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi. Boshqa tomondan, bunday o‘sish korxona harajatlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydi.

Biroq, iqtisodchilar aytganidek, bu “boshqa teng sharoitlarda”, o‘zgarib borayotgan bozor sharoitlarida esa ish haqini oshira olmaydigan va xatto xodimlar sonini qisqartiradigan korxonalar ham bo‘ladi. Soliqlar bilan bog‘liq vaziyat to‘g‘rilanmas ekan, hokimiyat organlari tomonidan ish haqi oshirilishiga taalluqli qat’iyat ko‘paygan sari, korxonalarda xodimlarning soni qisqarishi ehtimoli ham oshib boraveradi. Shuni ham tan olish zarurki, yashirin bandlik ayni kichik va mikrobiznesda keng tarqalgan va aylanmalar yashirin bo‘lib qolaversa ish haqining ochiqlanishiga ham erishib bo‘lmaydi.

Xulosa o‘rnida

“O‘rnida” — so‘zi shuning uchunki, xulosa qilish va chiqarish kompaniyalar birinchi natijalarni ko‘radigan fevral-mart oylarida mumkin bo‘ladi. Bu bosqichda berilishi lozim bo‘lgan savollar bor.

Qo‘shimcha qiymat vujudga keltirishning eski zanjirlari qayta ishlanadi yoki demontaj qilinadi. Biroq yangi zanjirlar yaratiladimi va mahalliy ishlab chiqarishda ularning roli qanday bo‘ladi?

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlovchilarga qaytamiz. Masalan, agar sut ishlab chiqaruvchilar QQS to‘loviga o‘tmasalar, unda mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘zlarining sut mahsulotlari korxonalarini tashkil etishlari mumkin. Biroq 1000 boshli sut fermasi (kuniga10 tonna) 5 mln $ hajmidagi investitsiya talab qiladi. Bunday ferma yirik zavod ehtiyojlarini to‘la qoplay olmaydi.

Bozordagi vaziyatni hisobga olganda investitsiyalar nafaqat katta, balki juda tavakkalli hamdir. Quruq sutga o‘tish yoki korxonaning yopilishi sababli mahalliy xom sutni xarid qilishni rad etish fermerlarni qoramollarni qassobxonaga olib borishga majbur qiladi. Boshqa sohalarda maxalliy ishlab chiqarish bundan kamroq dramatik vaziyatga tushishi mumkin, biroq o‘xshash ssenariylarni istisno qilish mumkin emas.

Yana bir masala QQSni ma’murlashtirish bilan bog‘liq. Garchi hukumat elektron schet-faktura joriy etishni boshlangani haqida ma’lum qilgan bo‘lsa-da, bu hali faqat aysbergning cho‘qqisi. QQS bo‘yicha hisobga olishning avtomatlashtirilishi xato qilish holatlari va ongli manipulyatsiyalarni qisqartirishi mumkin, biroq, hatto tizim to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan paytda ham ularni butkul yo‘q qilib bo‘lmaydi. Avvallari pulni “naqdlash” bo‘yicha xizmatlar bo‘lganidek, kelajakda ham QQS bo‘yicha hisoblarni “oshirib ko‘rsatish” paydo bo‘lishi mumkin. Shuning uchun soliq organlarida korxonalar uchun kelib chiqadigan oqibatlarni tekshirish uchun ko‘proq sabablar paydo bo‘ladi.

Barcha qiyinchiliklar chog‘ida ko‘plab soliqlar va majburiy to‘lovlardan QQSga o‘tish — bu soliq olish tizimining soddalashtirilishi tomon qo‘yilgan muhim qadamdir. Tadbirkorlarga harajatlarni tenglashtirish uchun QQSni barchaga tarqatish to‘g‘risida o‘ylab ko‘rish maqsadga muvofiq.

Ayrim korxonalar va tarmoqlar duch kelishi mumkin bo‘lgan yo‘qotishlarni kompensatsiya qilish, iste’molchilik narxi oshib ketmasligi uchun QQS bo‘yicha zanjirlarda uzilishlar bo‘lishiga olib kelmaydigan va mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi raqobat bo‘yicha neytral qarorlar kerak. Yakunda yuqori harajatlar va ustama narxlar sabablari ham faqat soliqlar emasligi ma’lum bo‘ladi.