Prezident raisligida 20 dekabr kuni yangi qabul qilingan soliq siyosati konsepsiyasini amaliyotga to‘liq tatbiq qilish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Xabarga ko’ra, endi soliq stavkalari avvalgiga o‘xshab keskin o‘zgaruvchan bo‘lmaydi. Bu investorlarga uzoq muddatli biznes loyihalarini rejalashtirishda qiyinchilik tug‘dirmaydi.

Yangi soliq konsepsiyasida, yuqorida qayd etilgan, tovar aylanmasidan ajratma to‘lash tartibi ham bekor qilinmoqda. Buning natijasida yirik korxonalar o‘z ixtiyorida 5 trillion so‘mdan ortiq mablag‘larni saqlab qoladi.

2019 yil 1 yanvardan boshlab, xodimlar sonidan qat’i nazar, tovar aylanmasi 1 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan sub’ektlar umumbelgilangan soliq to‘loviga o‘tadi.

Umumbelgilangan soliqlarni hisoblash bo‘yicha hududiy soliq organlari xodimlarining malakasi va amaliy ko‘nikmalarini oshirish, tadbirkorlik sub’ektlari buxgalterlarini bunga tayyorlash kerakligi ta’kidlandi.

“Umumbelgilangan soliq hisoblanishi va yuritilishida eng murakkab to‘lov turi bu qo‘shilgan qiymat solig‘idir. Bu borada yengillik yaratish uchun uni ikki yil mobaynida bosqichma-bosqich joriy etishni rejalashtirganmiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Jumladan, tovar aylanmasi 1 milliard so‘mdan 3 milliard so‘mgacha bo‘lgan korxonalar qo‘shilgan qiymat solig‘ini ixtiyoriy ravishda soddalashtirilgan tartibda to‘laydi.

Ya’ni, korxonalar sotib olingan tovarlar bo‘yicha alohida hisob-faktura yuritmaydi va soliqni tovar aylanmasidan kelib chiqib, sohalar kesimida tabaqalashgan holda to‘laydi.

Qayd etilishicha, soliq ma’murchiligini yuritishda mavjud byurokratik to‘siqlar eksportyorlar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Jumladan, mahsulotini eksport qilayotgan ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘zlarining qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi qoplab berilishi uchun bir necha oylab ovora bo‘lib, tuman, viloyat va respublika soliq idoralariga murojaat qilishga majbur bo‘lmoqda.

Shu bois Prezident qo‘shilgan qiymat solig‘ini o‘n kun muddatda qoplab berishni nazarda tutuvchi soddalashtirilgan tartibni joriy qilish zarurligini ta’kidladi.

“Yangi soliq kodeksi soliqqa tortish bo‘yicha barcha tartib, mexanizm va uslublarni to‘liq qamrab olishi, hamma uchun tushunarli bo‘lishi kerak. Bu ishlar adolatli va rag‘batlantiruvchi soliq tizimini yaratish bo‘yicha qo‘ygan birinchi qadamlarimizdir”, — dedi davlat rahbari.

Shuningdek, zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, yuridik shaxslarni zarur kompyuter dasturlari bilan ta’minlash, hisobchilarni tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.