Dori-darmon, kitob va gazetalar faoliyati bo‘yicha QQS imtiyozlarini qoldirib, qolgan barcha sohalar bo‘yicha QQS imtiyozini bekor qilish rejalashtirilmoqda.

Bu haqda 12 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo’lib o’tgan brifingda Davlat soliq qo’mitasi raisi o’rinbosari Mubin Mirzayev ma’lum qildi.

Bizning maqsadimiz ijtimoiy mohiyatdagi, xususan dori-darmon, kitob va gazetalar faoliyati bo‘yicha QQS imtiyozlarini qoldirib, qolgan barcha sohalar bo‘yicha QQS imtiyozlarini bekor qilish, shu ko‘zda tutilgan. Bu o‘zgarish 2020 yil 1 yanvardan kuchga kiradi" — dedi Davlat soliq qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev.

Davlat soliq qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosarining aytishicha, barcha tadbirkorlik sub’ektlari va korxona, tashkilotlar QQS tizimida qamrab olingach, soliq stavkasini qayta ko‘rib chiqish, uni o‘zgartirish va muvofiqlashtirish imkoniyatlari paydo bo‘ladi.

Brifingda soliq to‘lovchilarga soliqlarning mazmun-mohiyati va ularni qo‘llash tartibini to‘laqonli yetkazish maqsadida soliq xizmati organlari tomonidan “Maslahat xizmati oynasi” tashkil etilayotgani, maxsus metodik qo‘llanmalar tayyorlanayotgani, QQSni to‘lashga o‘tishda zarur yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilayotgani ma’lum qilindi.