2019 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston tarixida birinchi marotaba iqtisodiyotning rasmiy sektorida band bo‘lganlar soni 326,3 mingga yoki 6,2%ga ortib, 5,5 mln kishiga yetdi. Bu haqda Spot’ga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ma’lum qildi.

Norasmiy sektorda band bo‘lganlar soni esa aksincha, 137,7 minga yoki 1,7%ga kamayib, 7,8 mln.ni tashkil etdi.

Iqtisodiyot sohalarida band bo‘lganlarning umumiy soni 13,4 mln kishiga yetdi, bu 2018 yilning yanvar-iyun oylaridagi ko‘rsatkichga qaraganda 1,4%ga ko‘proqdir.

Shuningdek, chet elga mehnat migratsiyasiga ketgan shaxslar soni 2018 yil mos davri bilan qiyoslaganda 1,9%ga, 2,6 mln.dan 2,5 mln.ga pasaydi.

Joriy yilning yanvar-iyun oylarida tuman va shahar aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga ishga joylashtirishda yordam so‘rab 404 569 nafar shaxs murojaat qilgan bo‘lib, ulardan 138 173 nafarini 16−30 yoshgacha bo‘lgan shaxslar tashkil etdi.

Murojaat qilganlardan 167 713 nafari ishga joylashtirildi, 139 679 nafari jamoat ishlariga jalb qilindi, 10 085 nafari kasbga qayta o‘qitishga yo‘naltirildi, 31 938 nafar shaxsga ishsizlik nafaqasi tayinlandi.