Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, “Kichiksoy” m.f.y., “Soyliq” qishlog‘ida mehmonxona tashkil etib, mijozlarga xizmat ko‘rsatayotgan xonadonlar faoliyati o‘rganildi.

Natijada “Ko‘hnaqo‘rg‘on” ko‘chasida aksariyat xonadon egalari belgilangan tartibda Davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan fuqarolarga xizmat ko‘rsatib kelayotganligi aniqlangan, xabar beradi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

O’z uyida mehmonxona tashkil etib, mijozlarga xizmat ko‘rsatayotgan 50 nafar fuqarolar yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi va ularga turizm departamenti tomonidan sertifikatlar berilib, 50 dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratilishi taminlandi.

Vazirlar Mahkamasining “Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilingandan so’ng O’zbekistonda ilk oilaviy mehmon uylari o‘z faoliyatini boshladi.

Ilgari Spot joriy yilning I choragi davomida “Oilaviy mehmon uylari yagona reyestri"ga 71 ta Oilaviy mehmon uylari kiritilib, umumiy hisobda Oilaviy mehmon uylari soni 179 taga yetib, ulardagi joylar soni 1 589 tani tashkil etgani haqida xabar bergan edi.