Vazirlar Mahkamasining “Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarorining qabul qilinishi turizm faoliyati sub’ektlarini rivojlantirishni yanada qo‘llab-quvvatlash, hududlarning turizm salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish, dam olish va turizm uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, shuningdek, aholining bandligi va farovonligini oshirishga qaratilgan, deb yozadi Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi.

Xabarga ko’ra, joriy yilning 25 sentyabr holatiga ko‘ra, respublikada 23 ta oilaviy mehmon uyi ro‘yxatga olindi. Mazkur oilaviy mehmon uylari asosan Qashqadaryo, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlarida ochilib, 50 dan ortiq ish o‘rinlari yaratildi.

“Ta'kidlash joizki, yuqoridagi Qarorga muvofiq yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan ochilgan oilaviy mehmon uyi 3 nafargacha xodim yollashi mumkin. Bugungi kunda mazkur oilaviy mehmon uylari xorijiy va respublikamizning boshqa viloyatlaridan kelayotgan sayyohlar va mehmonlarni joylashtirish uchun xizmat qilmoqda”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, aholi tomonidan oilaviy mehmon uylari ochish masalasiga oid 100 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan.

Havola orqali O‘zbekistonda oilaviy mehmon uyini qanday ochish mumkinligi haqida ma’lumotga ega bo’lasiz.