Vazirlar Mahkamasining “Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilingandan so’ng O’zbekistonda ilk oilaviy mehmon uylari o‘z faoliyatini boshladi.

Spot Oilaviy mehmon uyi qanday uy, ularni kimlar ochishi mumkin, qanday hujjatlar topshiriladi va boshqa ma’lumotlarni kartochkalarda tushuntirib o’tgan edi.

Joriy yilning 25 sentyabr holatiga ko‘ra, respublikada 23 ta oilaviy mehmon uyi ro‘yxatga olindi. Mazkur oilaviy mehmon uylari asosan Qashqadaryo, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlarida ochilgan edi. Oktyabr oyida Toshkentdagi birinchi mehmon uyi o’z faoliyatini boshladi.

Endilikda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan joriy yilning I choragi davomida “Oilaviy mehmon uylari yagona reyestri"ga 71 ta Oilaviy mehmon uylari kiritilib, umumiy hisobda Oilaviy mehmon uylari soni 179 taga yetib, ulardagi joylar soni 1 589 tani tashkil etadi.

Oilaviy mehmon uylari soni hududlar kesimida olinganda Samarqand viloyatida 34, Qashqadaryo viloyatida 24, Toshkent viloyatida 22, Surxondaryo viloyatida 20, Buxoro viloyatida 19, Toshkent shahrida 18, Xorazm viloyatida 13, Jizzax viloyatida 10, Navoiy viloyatida 7, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 6, Fargʻona viloyatida 3, Andijon viloyatida 2, Sirdaryo viloyatida 1 tani tashkil etmoqda.

Birinchi chorak yakunlariga koʻra, Oilaviy mehmon uylari oʻzida 1966 nafar mahalliy va 2882 nafar xorijiy, umumiy hisobda 4848 nafar sayyohni qabul qilgan.