Spot avval yozganidek, 1 sentyabrdan O‘zbekistonda o‘zini ish bilan band etganlarga mehnat guvohnomasi beriladi. Bunday hujjatlar egalari pensiyani hisoblash uchun ish stajini hisobga olish huquqiga va imtiyozga ega bo‘ladilar.

Xalqaro buxgalter Yuliya Pakidisheva yangi maqom o‘z bandligini ta’minlaganlar va ular bilan ishlaydigan kompaniyalarga qanday afzalliklar berishi, daromadlarni legallashtirishning bu usuli qaysi sohalar uchun ko‘proq dolzarbligi va qonunchilikning qanday nozik tomonlariga e’tibor qaratish lozimligini tushuntiradi.

Yuliya Pakidisheva

ProfiTraining biznes-murabbiyi, sertifikatli xalqaro buxgalter-amaliyotchi (CAP), 20 yildan ziyod ish tajribasiga ega bo‘lgan bosh buxgalter.

1 sentyabrdan O‘zbekistonda jismoniy shaxslar faoliyatining yangi toifasi paydo bo‘ladi — o‘zini ish bilan band qilish. Bu hozirgi paytda panadagi iqtisodiyotda ish va xizmatlar bilan band bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun butunlay yangi maqom — ulardan soliq olinmaydi.

Endi davlat ularga panadan chiqish, o‘zini ish bilan band etgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tish va yangi maqomni qo‘lga kiritishi bilan imtiyoz va preferensiyalar olish uchun imkoniyat beradi.

O‘zini ish bilan band etgan:

  • jismoniy shaxslar daromad solig‘ini to‘lamaydi (JShDS);
  • xodimlarni yollay olmaydi;
  • O‘z faoliyati bo‘yicha hujjatlar yuritmaydi;
  • daromadlar bo‘yicha hisobot bermaydi, soliq deklaratsiyasi to‘ldirmaydi (to‘ldirganda ham ixtiyoriy asosda);
  • banklarda o‘z hisob raqamini ochishga majbur emas.

Kompaniyalar o‘zini ish bilan band qilganlar bilan shartnoma tuzganda, ular uchun yagona ijtimoiy to‘lov (YIT) to‘lamaydi.

O‘zini ish bilan band qilganlar boshqa jismoniy yoki yuridik shaxslar bilan haq to‘lanadigan mehnat munosabatlariga kirishib va noqonuniy zonadan chiqib, ularga xizmat ko‘rsatishi yoki ular uchun ish bajarishi mumkin.

O‘zini ish bilan band qilganlarni legallashtirish — bu O‘zbekiston uchun qonunchilikdagi juda muhim qaror, bunaqasi bizda hali bo‘lmagan edi.

Bunday qarordan maqsad — ro‘yxatga olish yig‘imlari orqali g‘aznani to‘ldirish emas, balki o‘zini ish bilan band qilganlarning manfaatlari uchun ularni panadan chiqarish va legallashtirishdan iborat.

Shunday qilib, bir boshdan qonunchilikning nozik tomonlarini tahlil qilib ko‘ramiz.

O‘zini ish bilan band qilganlar nima bilan shug‘ullanishi mumkin?

O‘zini ish bilan band qilganlar — yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan va yollanma ishchilar mehnatidan foydalanmaydigan jismoniy va yuridik shaxslar uchun ishlash/xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mustaqil ravishda faoliyat olib boruvchi jismoniy shaxslar.

Muhimi shundaki, o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarni biz aniqlay olmaymiz, buning uchun mehnat organlari tomonidan ro‘yxatdan o‘tish va vaqtincha mehnat guvohnomasi olish lozim.

Ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi bilan O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomasi berish tartibi to‘g‘risidagi nizomda tanishish mumkin.

Guvohnoma olish uchun ariza berish lozim. Uni mehnat organiga shahsan yetkazib berish yoki o‘z vakili orqali buyurtma xat, yo bo‘lmasa onlayn tartibda taqdim etish mumkin. Ro‘yxatdan o‘tish uchun doimiy yashash joyidan qat’i nazar (eksterritoriallik prinsipi bo‘yicha) har qanday tuman mehnat organiga murojaat qilish mumkin.

Ro‘yxatdan o‘tishdan avval siz mehnat faoliyatining qaysi turi bilan shug‘ullanishingizni aniqlab olishingiz kerak. Ruxsat etilgan o‘zini-o‘zi band qilish turlari jadvali uncha katta emas va yopiq — ular atigi 24 ta. Bu o‘rinda yakka tartibdagi tadbirkorlikni tartibga solish bilan o‘xshash, ular ham faqat qonunchilikda belgilangan mehnat turlari bilan shug‘ullanishlari mumkin.

Ruxsat etilgan faoliyat turlari orasida:

  • uyda repetitorlik qilish — bolalar va kattalar bilan ta’lim fanlari bo‘yicha yakka tartibda va guruh bo‘lib mashg‘ulotlar o‘tkazish;
  • bolalar, bemorlar va o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksa shaxslarga qarab turish va ularni parvarish qilish bo‘yicha jismoniy shaxslarga ko‘rsatiladigan xizmatlar;
  • uy xo‘jaligini yuritish va uy ishlarini bajarish, shu jumladan, turar joylarni tozalash, ovqat pishirish bo‘yicha uy xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatish;

Shuningdek jismoniy shaxslar uchun faoliyatning eng panadagi turlaridan biri — avtomobillarni yuvish va ta’mirlash ham legallashtirildi.

O‘zini o‘zi band qiluvchilarga oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va savdo qilish, kiyim tikish, har qanday professional konsalting bilan shug‘ullanishga ruxsat berilmaydi. Jadval bilan batafsil Nizomda tanishib chiqish mumkin.

O‘zini o‘zi band qilgan fuqaro sifatida ro‘yxatdan o‘tishda ayrim holatlarda mehnat organi ro‘yxatga olishni rad etishi mumkin. Bular qanday holatlar? Xususan:

  • ro‘yxatga olish uchun berilgan arizada noto‘g‘ri yoki to‘liq bo‘lmagan ma’lumotlar aniqlangan;
  • faoliyat turi jadvalda ruxsat etilganlariga to‘g‘ri kelmagan;
  • guvohnoma olish uchun to‘langan to‘lovni tasdiqlovchi hujjat nusxasi taqdim etilmagan holatlarda.

Jismoniy shaxs bunday xatolar aniqlangan va to‘g‘rilangandan keyin uch kun ichida yana bir marta ro‘yxatdan o‘tish uchun ariza berishi mumkin.

Legallashtirish nimasi bilan foydali?

O‘zini o‘zi band qiluvchi ro‘yxatdan o‘tgandan keyin guvohnoma oladi — bu guvohnoma uning maqomini tasdiqlaydi. Guvohnoma bir oydan 12 oygacha bo‘lgan muddatga beriladi, uni olish uchun to‘lanadigan to‘lov guvohnoma muddatiga bog‘liq: 1 oyga to‘lov miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 0,5 baravari (111 500 so’m) bo‘lsa, 12 oyga bazaviy hisoblash miqdorining 4,5 baravarigacha (1 003 500 so’m). Guvohnoma to‘lovi faoliyat turiga bog‘liq emas.

Agar o‘zini ish bilan band qiluvchi o‘z maqomini davom ettirishni istasa ro‘yxatga olish joyiga takroran murojaat qilishi mumkin. Guvohnoma olish uchun murojaatlar miqdori cheklanmaydi.

Ushbu ro‘yxatdan o‘tishning o‘ziga xosligi shundaki, siz o‘zini ish bilan band qilgan fuqaro sifatida yoshga, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganlik bo‘yicha pensiya olish huquqiga ega bo‘lasiz.

Mehnat guvohnomasining amal qilish davri bu davrda o‘zini o‘zi band qilish tartibida mehnat faoliyati amalda bajarilganligi yoki o‘zini band qilgan shaxs bu vaqtda ishlamay dam olganidan qat’i nazar pensiyani hisoblab chiqarish uchun mehnat stajiga hisoblanadi.

Ro‘yxatdan o‘tildi, to‘lov to‘landi — va mehnat guvohnomasining amal qilishida staj oshib boradi.

Mehnat guvohnomalari berilganligi uchun to‘lov undirishdan tushgan mablag‘larning:

  • 60%i Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga — pensiya sug’urtasi badalini to’lash hisobiga;
  • 20%i Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga;
  • 20%i davlat byudjetiga yo‘naltiriladi.

Ya’ni, ko‘rib turibmizki, ro‘yxatdan o‘tish bilan bog‘liq mablag‘ning katta qismi ayni o‘zini band qilganlarning kelgusida pensiya olishlari uchun zarur bo‘lgan to‘lovlarga ketadi.

O‘zini band qilgan maqomida ro‘yxatdan o‘tgandan keyin u jismoniy shaxs bilan biror ishni bajarish bo‘yicha yozma shartnoma tuzishi yoki ish muomalasi odatlariga asoslangan o‘zaro munosabatlarda og‘zaki ravishda kelishib olishi mumkin. Agar shartnoma rasmiylashtirilgan bo‘lsa, mabodo o‘rtada ixtilof kelib chiqqanda, sudda o‘z mavqeini himoya qilish oson bo‘lishi o‘z-o‘zidan ravshan.

Shuningdek, mehnat guvohnomasiga ega shaxs jarima yoki ta’qiblardan xavfsiramay, o‘zini mutaxassis sifatida bemalol ochiq reklama qilishi ham mumkin.

Sir emaski, tegishli tuzilmalar fuqarolar o‘z tovarlari va xizmatlarini asosan o‘z mablag‘lari hisobidan taklif etadigan ijtimoiy tarmoqlar va boshqa onlayn-maydonchalarni monitoring qilib boradi. Bu daromadlardan soliq to‘lanmaydi. Davlat ro‘yxatdan o‘tmagan barcha biznes turlarini panadan olib chiqish vazifasini qo‘ygan, shuning uchun soliqchilar har qanday yo‘llar bilan qonunbuzarlarni aniqlaydilar.

Daromad olib, soliq deklaratsiyasini to‘ldirmaydiganlarning barchasini qidiradilar. Va jismoniy shaxslar qanday ishlarni bajarayotganlari va qanday xizmatlar taklif etayotganlarining mutlaqo ahamiyati yo‘q, daromad solig‘ini har bir odam to‘lashi lozim.

Bu kimlar uchun ayniqsa dolzarb?

Men yuqorida yozganimdek,o‘zini band qilganlar faoliyati turlaridan biri — repetitorlik. Onlayn-maydonchalarda til o‘rganish, aniq fanlar, badiiy o‘qitish bo‘yicha individual yoki guruhlar tashkil etilgan holda dars berish to‘g‘risidagi e’lonlar juda ko‘p. Bu xildagi e’lon beruvchi fuqarolar xavf ostidagi guruhda bo‘ladi.

Soliq inspektori ularni noqonuniy tadbirkorlikda ayblashi va respublikada belgilangan eng kam ish haqining 1 baravaridan 5 baravarigacha jarima solish bilan O‘zR Ma’muriy Kodeksining 164 moddasi bo‘yicha ma’muriy va O‘zR Soliq Kodeksining 114-moddasi (“Tovarlar (ish xizmatlar) realizatsiyasidan tushumlarni yashirish”), shuningdek, 119 moddasi (“To‘lovlarni qabul qilishda NKM va hisob-kitob terminallarini qo‘llash tartibini buzish”) bo‘yicha javobgarlikka tortishi mumkin.

Tez-tez tashrif buyuruvchilar “yaxshi” qo‘shnilarda shubha uyg‘otishi, bunday shikoyatlar esa huquq-tartibot organlari tomonidan doim tekshirilishi mumkin. Endi ularga soliqchilar ham qo‘shiladi.

Yana bir juda talabgor yo‘nalish — landshaft dizayni xizmatlari. “Gazonlar, landshaft dizayn” degan yozuvli mashinalar shahar bo‘ylab ko‘p yuradi, biroq aksariyat holatlarda bu sohadagi ijrochilar nolegal ishlaydi. Yuridik shaxslar ularga murojaat qila olmaydilar, axir ularning hisob-kitoblari faqat pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Endi osonroq bo‘ladi: shartnoma tuzamiz, pulni o‘zini band qilganning kartasiga o‘tkazamiz. Shuningdek, bank orqali pul olib, naqd pul bilan to‘lovni amalga oshirish mumkin. Bayonot yoki kassa orderini rasmiylashtirib, tuzilgan shartnomani, mehnat guvohnomasi nushasini ilova qilish va shu bilan tashkilot kassasidan naqd pul to‘lashning barcha yuridik rasmiyatchiliklariga rioya etiladi.

Mashina yuvuvchilarga kelsak — bu alohida mavzu. Bu biznes butunlay panada edi. Men, 20 yillik haydovchi stajiga ega bo‘la turib, biror marta mashinamni yuvdirganim uchun kassaga pul to‘lamaganman. Hamisha pulni “kattakon” olardi.

Mashina yuvish joylarida asosan viloyatlardan kelganlar ishlaydi, ularni rasman ishga olishmagan, mehnat daftarchasi ochilmagan — shuning uchun bu tuzilmalardagi xodimlar shaffofligi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Ularning maoshlaridan soliq va ajratmalar ham to‘lanmagan, ya’ni og‘ir, ko‘p soatli mehnat ish stajiga kirmagan.

Endi yuridik shaxs o‘zini band qilgan shaxs bilan xizmatni bajarish bo‘yicha shartnoma tuzadi, bunda hech qanday soliqlar to‘lamaydi. Bu yuridik shaxs uchun ham foydali: o‘zini band qilganlar shtatni ko‘paytirmaydi, ular bilan hujjatni rasmiylashtirish borasidagi mashmashalar yo‘q, ish beruvchi YIT ham, ularning taqdirlanishidan JShSD ham to‘lamaydi, Bular tabiiy, biror shartnoma yoki qandaydir bitim bilan kelishiladi. To‘lov bo‘yicha na ustama, na quyi limitlar bo‘lmaydi.

Nimaga e’tibor qaratish kerak?

O‘zini band qilganlik guvohnomasi nima berishini ko‘rib chiqamiz:

  • Soliq imtiyozlari. Daromadlar JShSD ga ham, YaITga ham tortilmaydi.
  • Guvohnomada ko‘rsatilgan davr yoshga, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganlik bo‘yicha pensiya olish uchun ish stajiga kiritiladi.
  • Mehnat guvohnomasining amal qilish davrida jadvalda ruhsat berilgan barcha faoliyat turlari bilan shug‘ullanish mumkin. Ya’ni agar o‘zini band qilgan shaxs mebel yig‘uvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, ta’mirlash ishlari, santexnika o‘rnatish bilan ham shug‘ullanishi mumkin. O‘zini band qilganga o‘z maqomidan mavsumiy foydalanishga ham ruhsat beriladi: agar yozda landshaft dizayni bo‘yicha ishlarga talab ko‘p bo‘lsa, qish va kuzda jadvaldagi boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ishlash mumkin. Faoliyatning bir turi bilan cheklanib qolmasdan boshqa yo‘nalishlarda rivojlanish ham mumkin. Bir tuman yoki viloyatda xizmat ko‘rsatish borasida ham cheklov yo‘q — o‘zini band qilgan qayerda buyurtmachi topsa, o‘sha yerda ishlashi mumkin.
  • Olti oydan kam bo‘lmagan muddatga guvohnoma olganlar mehnat tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra o‘z faoliyat turi uchun mikrokredit olishlari mumkin.
  • Mehnat guvohnomasini rasmiylashtirgan o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar qisqa muddatli kasbga o‘qitish, qayta o‘qitish va malaka oshirish, shuningdek, tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatish bo’yicha kurslarda bepul o‘qitiladi.
  • Mehnat qurollari (motokultivatorlar, o‘t o‘rish o‘roq mashinalari, perforatorlar, payvandlash apparatlari, o‘simliklarga ishlov berish qurilmalari, duradgorlik, chilangarlik va qurilish uskunalari va hokazolar), shaxsiy himoya vositalari va ish kiyimi ijaraga beriladi.

O‘zini o‘zi band qilganlar bilan shartnomalar imzolash va ularga haq to‘lash nuqtai nazaridan qonunchilikni tahlil qilganda quyidagilarga e’tibor berilishini istardim:

  • Soliq kodeksining “Soliqqa tortilmaydigan jismoniy shaxslar daromadlari"ga bag‘ishlangan 179 moddasining joriy tahririda o‘zini band qilganlarning daromadlari soliqqa tortilmasligi haqida eslatma yo‘q.
  • Daromad solig‘i to‘laydigan yuridik shaxs to‘lov manbai — soliq agenti hisoblanadi va SKning 185 moddasiga muvofiq uning amaldagi to‘lovidan soliq olinishi lozim.
  • Agar o‘zini band qilganning daromadlari mehnat faoliyatidan olingan daromad bo‘lsa, unda ular SKning “Ish haqi to‘lovi shaklidagi daromadlar” deb nomlangan 172 moddasiga tushadi va ulardan YIT olinishi lozim.
  • O‘zini band qilgan INPSni shakllantirish uchun ixtiyoriy asosda Xalq bankida hisob raqami ochishi shartmi?
  • Zarur bo‘lgan holatlarda kim va qachon o‘zini band qilgan fuqaroga uning daromadlari to‘g‘risida ma’lumot beradi?
  • O‘zini band qilganni taqdirlash uchun to‘lov to‘lashda yuridik shaxs bankdan qay yo‘sinda pul oladi? Axir, SKning 188 moddasiga ko‘ra, yuridik shaxs bankdan pul olgach, bir vaqtning o‘zida byudjetga JShDS to‘lashi lozim.
  • Ish bajarish yoki xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yozma yoki og‘zaki shartnomalar imzolashda qanday me’yorlarga asoslanish kerak: Fuqarolik kodeksigami yoki Mehnat kodeksigami? O‘zini band qilganlar faoliyati — mehnat, bitim imzolashdagi mas’uliyat — fuqarolikdir.