Vazirlar Mahkamasining “O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar uchun vaqtinchalik mehnat guvohnomasini joriy etish to‘g‘risida"gi qarori e’lon qilindi.

Unga ko’ra, o’zini o‘zi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomasini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Qarorga muvofiq, 2019 yil 1 sentyabrdan o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomalari beriladi.

O‘zini-o‘zi band qilgan fuqarolar — xizmatlar ko‘rsatishni, ishlar bajarishni mustaqil amalga oshiradigan, yakka tartibdagi tadbirkorlar sifatida ro‘yxatga olinmagan va o’z faoliyatida yollanma xodimlar mehnatidan foydalanmaydigan, mehnat staji hisobga olinishi va rag‘batlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqi bilan vaqtinchalik mehnat guvohnomalarini rasmiylashtirgan shaxslardir.

Mehnat guvohnomasi ariza beruvchining xohishiga ko‘ra 1 oydan 12 oygacha muddatga, doimiy yashash joyidan qat’i nazar beriladi. Guvohnomada ko‘rsatilgan davr pensiyani hisoblab chiqarish uchun fuqarolarning mehnat stajiga kiritiladi.

O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga banklardan Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armalari hisobiga imtiyozli mikrokreditlar ajratiladi.