Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish etilmoqda. Bu haqda prezident qarorida keltirilgan.

Agentlik biznes yuritish asoslari va sohadagi qonun hujjatlari, tadbirkorlik faoliyatining xavf-xatarlarini baholash ko‘nikmalarini o‘rgatish orqali tadbirkorlarning kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarida muvofiqlashgan tarzda ishtirok etishini, ularning malakasini oshirish, stajirovkalar va boshqalar tashkil etilishini ta’minlaydi.

Qarorga ko’ra, Iqtisodiyot va sanoat vazirining o‘rinbosari — Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi direktori lavozimi kiritiladi.

Agentlik direktorining o‘rinbosari bir vaqtning o‘zida Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining ijrochi direktori hisoblanadi.

Qaror bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi “Tadbirkor” axborot tizimi yaratiladi:

  • tijorat banklari va Jamg‘arma o‘rtasida elektron hujjat aylanishi, shu jumladan, elektron raqamli imzo yordamida ma’lumot almashish;
  • yaratiladigan avtomatlashtirilgan dasturiy ta’minotni Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi, Davlat xizmatlari agentligi va O‘zbekiston banklari assotsiatsiyasining axborot tizimlari bilan integratsiyalash;
  • tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha elektron raqamli imzodan foydalangan holda ishonchnoma va kafolatlar, shuningdek foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya berish to‘g‘risida elektron shartnomalar tuzish;
  • tijorat banklari va ularning mijozlariga Jamg‘armaning rasmiy veb-sayti orqali real vaqt rejimida kredit buyurtmalarini ko‘rib chiqish va ularning ijrosini nazorat qilish imkoniyatini berish.