O‘zbekistondagi fermer xo‘jaliklari elektr energiyasini tejash maqsadida fotoelektr (quyosh) stansiyalar o‘rnatishni boshladilar. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, 6 sentyabr kuni Jizzax viloyati Forish tumanidagi Lazzat Kafolat uzumchilik-fermer xo‘jaligiga qarashli uzumchilik plantatsiyasida chuqurlik nasosini elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida fotoelektr stansiyasini o‘rnatish va ishga tushirish bo‘yicha ishlarni yakunladilar.

Fotoelektr panellar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan. Ularning kafolatlangan xizmat ko‘rsatish muddati 25 yilni tashkil etadi.

Zamonaviy qurilma soatiga 10 kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bir yorug‘ kunda u 80 kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.

Oylik elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati esa 2400 kilovattga teng. Sug‘orish mavsumida bu raqam 19200 kilovatt elektr energiyadan oshib ketadi.

Taqqoslash uchun, fermer o‘zini elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun 1 km qiymati 35 mln so‘mga yaqin bo‘lgan elektr uzatish liniyasi qurishga majbur bo‘ladi. Bunga qo‘shimcha tarzda, amaldagi tarifga ko‘ra har yili foydalanilgan elektr energiyasi uchun 9 mln so‘m to‘lashiga to‘g‘ri keladi.

Quyosh qurilmasini o‘rnatish uchun esa fermer 78 mln so‘mga yaqin mablag‘ sarflaydi. Mazkur qurilma 8 gektar yerni odatiy usul bilan, 30 gektar yerni esa tomchilash usulida sug‘orish imkonini beradi. Bunda fermer har bir gektar yerdan, misol uchun, poliz (qovun, tarvuz) ekinlaridan bir yilda 30 mln so‘m foyda olishi, 8 gektardan esa mos ravishda 240 mln so‘m daromad olishi mumkin. Ya’ni, o‘rnatilgan qurilma xarajatlari birinchi yilning o‘zida qoplanadi.

“Misol tariqasida oddiy matematik hisob-kitoblarni keltiramiz. Quyosh stansiyasining narxi 78 mln so‘m. 171 mln so‘m — bir yilda 8 gektar maydondan olinadigan sof foyda. Agar fermer tomchilab sug‘orish tizimini o‘rnatsa, u holda daromad 980 mln so‘mni tashkil etadi. Misol uchun, bizning fermer 7 km masofaga elektr uzatish liniyasi tortmoqchi bo‘lsa, bu unga 245 mln so‘mga tushadi va har yili foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lanadigan 9 mln so‘m sarflanadi. Shu tarzda, u bizga nasosining ishlashini ta’minlash uchun quyosh stansiyasiga buyurtma berib 176 mln so‘m tejashga muvaffaq bo‘ldi”, — deydi deydi “OftobNur” kompaniyasi mutaxassisi.

Ilgari Spot prezident qaroriga binoan, yuridik va jismoniy shaxslarga bank kreditlari evaziga qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarini, elektr tejovchi gaz qurilmalari va qozonlarini sotib olganlik uchun foiz to‘lovlari kompensatsiya hisobidan qoplanishi haqida xabar bergan edi.