Prezident “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hujjatni imzoladi.

Qarorga binoan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida imtiyoz va preferensiyalar taqdim etiladi:

  • qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran 5 yil muddatga soliqning barcha turlarini to‘lashdan;
  • qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini (nominal quvvati 0,1 MVt va undan ortiq bo‘lgan) o‘rnatganlik uchun ular foydalanishga topshirilgan paytdan e’tiboran o‘n yil muddatga mol-mulk solig‘inihamda ushbu qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha yer solig‘ini to‘lashdan;
  • ishlab turgan energetika resurslari tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan yashash uchun mo‘ljallangan joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanilgan oydan e’tiboran 3 yil muddatga yer solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi.

2020 yil 1 yanvardan jismoniy shaxslarga quyosh fotoelektrik stansiyalari, quyosh suv isitkichlari, shuningdek, energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalarni sotib olish xarajatlarining 30%i miqdorida, biroq:

  • quyosh fotoelektrik stansiyalari uchun — 3 mln so‘mdan;
  • quyosh suv isitkichlar uchun — 1,5 mln so‘mdan;
  • gaz-gorelkali qurilmalar uchun — 200 ming so‘mdan oshmaydigan miqdorda kompensatsiyalar taqdim etiladi.

2019 yil 1 sentyabrdan ilgari foydalanilgan generator uskunalari, kuchlanishni pasaytiruvchi transformatorlar, elektr dvigatellar, shuningdek, energiya samaradorligi D toifadagi energiya sarflovchi uskunalar O‘zbekiston hududiga olib kirish taqiqlanadi.