Prezident qaroriga binoan Tebinbuloq koni negizida kon-metallurgiya kompleksi qurilishi belgilangan edi.

Kompleks 2024 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda.

Loyihani amalga oshirish, obyektni qurish va foydalanishga topshirishni ta’minlash uchun “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tarkibida Tebinbuloq koni negizida kon-metallurgiya majmuasini qurish direksiyasi tashkil etildi.

“Konda geologik qidiruvlar natijasida 2 mlrd tonna xomashyo rezervi borligi aniqlandi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, kondan yiliga 33 mln tonna ruda qazib olinadi va undan 1,5 mln tonna temir olinadi. Kon-metallurgiya kompleksi yiliga 900 ming tonna armatura, 225 ming tonna sim, 375 ming tonna ugolok, shveller va boshqa materiallar ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi”, — dedi Direksiya rahbari Botir Rustamov.

Bu katta miqdordagi import o‘rnini to‘ldirib, sanoatni barqaror rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, bu yerda 2 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Mahsulotlarning 35%ini eksport qilish rejalashtirilgan. Loyihani ishlab chiqarish va amalga oshirishga Germaniyaning “DMT Group” va Avstriyaning “Horst Viesinger Konsulting” korxonalari jalb etilgan.

Kondagi rudadan 3 ming tonna namuna Germaniyaning “SGA” ilmiy-tadqiqot laboratoriyasiga yuborilib, rudani boyitish va undan temir moddasini ajratib olish bo‘yicha sinovlar o‘tkazildi.