2019−2021 yillar davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Andijon, Buxoro va Farg‘ona viloyatlari bojxona postlariga tutash joylarda barpo etiladigan zamonaviy bojxona terminallari orqali kuniga 3,4 mingdan ortiq avtotransport vositasini o‘tkazish imkoniyati mavjud bo‘ladi.

Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat bojxona qo‘mitasi rahbar va mas’ul xodimlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida qo‘mita raisi o‘rinbosari G‘ofurjon Shukurov ma’lum qildi.

Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra sohada Xavflarni avtomatlashtirilgan boshqarish tizimi amaliyotga joriy qilindi.

Qo‘mita mutaxassislarining bergan ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 8 oyi davomida 11 mingdan ko‘proq huquqbuzarlik holati aniqlangan bo‘lib, ular bo‘yicha 128,4 mlrd so‘mlik tovarlar ushlab qolingan.

Ta’kidlanishicha, Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Qirg‘iziston va Tojikiston Respublikalari bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksporti uchun “Soddalashtirilgan bojxona yo‘lagi” tizimini joriy qilish bo‘yicha Bitim imzolandi.

Xavflarni monitoring qilish va baholash boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Muxtorov Bojxona ko‘riklarni qisqartirish va soddalashtirish maqsadida markazlashgan tizim ishlab chiqilayotgani, ya’ni agar bu tizim yo‘lga qo‘yilsa, importyor olib kirgan mahsulotini nazoratdan o‘tkazish uchun uzoq vaqt navbat kutishiga hojat bo‘lmasligini qayd etdi.