Hozirgi paytda Vazirlar Mahkamasining O‘zbekistonda kriptovalyutalar ishlab chiqaruvchilari uchun elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha tegishli narx-navolar belgilanishiga oid qarori loyihasi muhokama qilinmoqda.

Energetika vazirligida keltirilishicha, kriptovalyutalar bo‘yicha faoliyat yuritadigan iste’molchilar elektr energiya haqini tegishli tarif guruhi uchun belgilangan tarifga nisbatan 3 marotaba ortiq miqdorga oshirilgan koeffitsient bo‘yicha to‘laydi.

“O‘zbekistonning iste’molchilarni energiya ta’minoti bo‘yicha siyosati ijtimoiy yo‘naltirilgan bo‘lib qolmoqda. Amaliyotda bu elektr energiyani ishlab chiqarishda foydalaniladigan gaz qiymatining dotatsiya qilinishini anglatadi”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, kriptovalyutani qo‘lga kiritish mayning kabi hodisalarning energiya xarajatlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash siyosatiga mutlaqo daxli yo‘q. Ayni paytda mayning fermalari faoliyati katta miqdorda elektr energiyasini va uning barqaror kelib turishini talab qiladi.

“Ya'ni, bunga narxi bo‘yicha davlat tomonidan dotatsiya qilingani uchun ijtimoiy maqsadlarga yo‘naltirilishi lozim bo‘lgan katta miqdordagi elektr energiya sarflanmoqda. Demak, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyaning maqsadsiz sarflanishi uchun tegishli tarzda haq to‘lanishi lozim”, qayd etiladi xabarda.

Tahlilchilar fikricha, ular iste’mol qilayotgan elektr energiya narxi 3 baravar oshirilganidan keyin ham O‘zbekistonda mayning-fermalar uchun sharoitlar jozibali bo‘lib qoladi. Raqobatbardosh bo‘lgan internet narxi, xonalar ijarasining maqbul narxlari ham bunga xizmat qiladi.

“Bundan tashqari, elektr energiya narxi O‘zbekistondagiga nisbatan 3−4 baravar baland bo‘lgan mamlakatlarda ham biznesning ushbu turi mo‘may daromad keltirishini ham inobatga olish zarur”, deya ta’kidlanadi xabarda.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining ushbu qarori qabul qilinishi bilan tegishli biznes turini identifikatsiya qilish imkonini beruvchi mexanizmlar ishlab chiqiladi, chunki har qanday biznes qonuniylashtirilgan bo‘lishi kerak.

Qonuniylashtirishdan bosh tortish kriptovalyuta noqonuniy amaliyotlarda foydalanishi mumkin, degan shubha uyg‘otadi. Shu tarzda, mayning-fermalarning qonuniylashtirilishi ularga nisbatan elektr energiyaning yangi tarifini qo‘llash imkonini beradi.