Prezident 2 oktyabr kuni o‘tkazgan yig‘ilishda yo‘l xo‘jaligini rivojlantirish va ushbu sohaga investitsiyalarni keng jalb qilish bo‘yicha vazifalar belgilab berdi.

Yo‘l xo‘jaligi sohasida davlat-xususiy sheriklik

Avtomobil yo‘llarini qurish yoki ta’mirlash ishlariga xalqaro tashkilotlar va xususiy sheriklarni faol jalb qilish zarurligi ta’kidlandi. Jumladan, xalqaro va davlat ahamiyatiga ega 1 ming 600 kilometr uzunlikdagi yo‘llarga doir 18 ta yirik loyihani shunday hamkorlik asosida amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Xorijiy davlatlarda yo‘l xo‘jaligi sohasida davlat-xususiy sheriklik yaxshi rivojlangani qayd etildi. Yo‘l bo‘yi infratuzilma obyektlarini berish orqali loyihalarga investorlarni jalb qilish mumkinligi ta’kidlandi.

Mutasaddilarga davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalar doirasida yo‘l bo‘yi obyektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish tartibini ishlab chiqish topshirildi.

“O‘zavtoyo‘l” aksiyadorlik kompaniyasini tashkil etish

Hozirda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasida ham buyurtmachi, ham pudratchi, ham ekspluatatsiya qilish funksiyalari to‘planib qolgani oqibatida tizimdagi korxonalar xalqaro loyihalarda ishtirok eta olmayapti.

Shu bois qurilish tashkilotlarini qo‘mita tarkibidan chiqarib, ular negizida “O‘zavtoyo‘l” aksiyadorlik kompaniyasi tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Yo‘llar sifatini oshirish uchun loyiha tashkilotlari ko‘paytiriladi

Davlat rahbari yo‘llar sifatini oshirishni loyihalashtirishdan boshlash kerakligini ta’kidladi. Buning uchun loyiha tashkilotlarini ko‘paytirish, ularning moddiy-texnika bazasini va kadrlar tarkibini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Germaniyalik hamkorlar bilan birgalikda avtomobil yo‘llari qurilishi sohasida qo‘shma loyiha institutini tashkil etish, yurtimiz iqlimi va qatnov xususiyatlarini hisobga olib, yo‘l qurilishi sohasidagi normativ hujjatlarni tubdan qayta ko‘rib chiqish zarurligi qayd etildi.

Asfalt-beton yo‘llar o‘rniga sement-beton qoplamali yo‘llar

O‘zbekistonda yo‘l qurishda hanuzgacha asosan asfalt-beton ishlatiladi. Bunday yo‘llarning xizmat muddati 10−15 yil bo‘lib, 4−5 yildayoq ta’mirtalab ahvolga kelib qoladi.

Sement-beton qoplamali yo‘llarni qurish 15−20 foizga qimmat bo‘lsa-da, ekspluatatsiya muddati 2−3 baravar ko‘p va saqlash xarajatlari 3 baravar kam.

Mamlakatda sement ishlab chiqarish hajmi ortayotganini inobatga olib, yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan davlat ahamiyatiga ega yo‘llarni bosqichma-bosqich sement-beton qoplamaga o‘tkazish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yo‘llarni monitoring qilish bo‘yicha avtomatlashgan tizim

Yana bir muammo yo‘llarni monitoring qilish bo‘yicha avtomatlashgan tizim yo‘qligidir. Qaysi yo‘ldan qancha og‘irlikdagi yuk tashish mumkinligi hammaga ma’lum emas. Me’yordan ortiq og‘irlikda yuk tashuvchi avtotransport vositalarining harakati nazorat qilinmayapti.

Shu bois yig‘ilishda barcha yo‘llarning elektron bazasini shakllantirish, maxsus avtomatlashgan o‘lchash vositalarini o‘rnatish bo‘yicha dastur ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.

Xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda, yo‘l bo‘yi infratuzilmasini xalqaro andozalar asosida loyihalashtirish, xalqaro yo‘llarda sifatli servisni tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.