Prezident qaroriga binoan faqat birja savdolari orqali sotiladigan mahsulotlar belgilandi.

Qarorga muvofiq, 2020 yil 1 yanvardan boshlab quyidagilar ichki bozorda faqat birja savdolari orqali sotiladi:

  • texnik moy, omuxta em, xo‘jalik sovuni, neft eritkichi, neft parafini va mis kuporosi;
  • mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan shakar (respublikaning olis va etib borish qiyin bo‘lgan hududlarida joylashgan iste’molchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida o‘z savdo tarmoqlari orqali sotiladigan, umumiy ishlab chiqarish hajmining 10%idan oshmaydigan hajmi bundan mustasno);
  • isitish yoqilg‘isi, yoqish mazuti, suyultirilgan gaz va neft bitumi (maxsus iste’molchilarga o‘rnatilgan tartibda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali sotiladigan hajmlar bundan mustasno).

Shuningdek, davlat ulushi 50% dan ortiq bo‘lgan korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan yuqori likvidli va monopol mahsulotlarning bir qismi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan o‘rnatiladigan kvotalar bo‘yicha faqat birja savdolari orqali eksport qilinadi.