Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurotov O’zbekistonda narx-navoning o‘sishi Hamdo‘stlik mamlakatlari va qo‘shni davlatlardagiga nisbatan o‘rtacha 2−3 barobar ortiq bo‘layotganiga izoh berdi.

“Haqiqatdan ham oxirgi ikki yilda biz ongli ravishda o‘sha narsaga (yuqori inflyatsiyaga) yo‘l qo‘ydik, ya’ni inflyatsiya darajasi ma’lum bir darajada boshqa davlatlarga nisbatan bizda yuqori bo‘ldi. Bu nima bilan izohlanadi? Eng avvalo, boshqa davlatlar 30 yil oldin qilingan bozor tamoyillariga o‘tishni, biz haqiqiy hayotda oxirgi 3 yilda amalga oshirdik. Ya’ni, narxlarni erkinlashtirish borasida qilinadigan ishlarimizni oxirgi yillarda amalga oshirmoqdamiz”, — dedi Markaziy bank raisi.

Mamarizo Nurmurotov so‘zlariga ko‘ra, shu paytgacha boshqariladigan narxlar haqiqiy bozor holatidan kelib chiqib emas, aksincha, past darajada ushlab turib, xo‘jalik yurituvchi subyektlarga zararga bo‘lsa ham narx ushlab turildi, lekin buni bozor ko‘tarmaydi.

“Shuning uchun, bizning birinchi qilayotgan ishlarimiz, boshqariladigan narxlarni erkinlashtirish orqali kelgusi faoliyat uchun zaminni mustahkamlash uchun qilindi”, qayd etdi Nurmurotov.

Ikkinchi bir sababi ham obyektiv sabab, mamlakatda 27 yildan so‘ng investitsiya chanqoqligi degan tushuncha paydo bo‘ldi. Investitsion faollikni oshirish — bu maqsad o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Bu qo‘shimcha mablag‘ni, qo‘shimcha resursni iqtisodiyotga chiqarishni taqozo qilgan bo’lib, bank kreditlari, investitsion kreditlar davlat resurslarini chiqarish orqali amalga oshirildi.

“Bu, o‘z-o‘zidan iqtisodiyotdagi pul miqdorining ko‘payishiga olib keldi va buning inflyatsiyaga o‘z ta’siri bor, u saqlanib qoldi. Biz hozir bu borada ishlab, inflyatsiyani boshqarishni targetlash tizimiga o‘tish bo‘yicha prezident farmonlari loyihasini tayyorladik, bu borada ishlayapmiz”, deydi bank raisi.

Qayd etilishicha, uchinchi sababi, bu valyuta bozorini erkinlashtirish bo‘lib, hamma davlatlar valyutasini erkin ayirboshlashni tashkil qilganda inflyatsiya bir necha barobar oshib ketgan. O‘zbekistonda unga (valyuta siyosatini erkinlashtirishga qariyb 9 oy) tayyorgarlik ko‘rish orqali amalga oshirilishi, inflyatsiyani unaqa 2−3 barobar oshib ketishiga yo‘l qo‘ymadi.

U yuqori darajadagi inflyatsiya iqtisodiyotga ham, aholiga ham o‘zining salbiy ta’siriga ega ekanligini ta’kidlab, 2020 yildan boshlab bu boradagi Markaziy bankka bevosita bog‘liq bo‘lgan hamda inflyatsiyani jilovlash uchun Hukumatga bog‘liq bo‘lgan ishlarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksi ishlab chiqilganini bildirdi.

Markaziy bank raisi so‘zlariga ko‘ra, 2021 yildan boshlab bir raqamli inflyatsiyaga tushish va 2023 yildan boshlab inflyatsiyani targetlash mexanizmi asosida 5−6 %lik inflyatsiyaga erishish mo‘ljallagan.