Panjob provinsiyasi gubernatori Muhammad Sarvar boshchiligidagi Pokiston Islom Respublikasi delegatsiyasi 5−8 fevral kunlari amaliy tashrif bilan Namangan viloyatida bo‘ldi.

Panjobdagi hukumat a’zolari, yirik kompaniyalar rahbarlari va tadbirkorlar viloyat markazidagi “Shodiyona” tantanalar majmuasida tashkillangan “Made in Namangan” ko‘rgazmasi va “Namangan-Panjob” biznes-forumida ishtirok etdi. Bu haqda O’zA xabar beradi.

Forum yakunida ishbilarmon doira vakillari va yetakchi kompaniyalar, boshqarmalar o‘rtasida “B2B” va “B2G” formatdagi muzokaralar o‘tkazildi. Buning natijsida ikki tomonlama o‘zaro hamkorlik bo‘yicha bir qator manfaatli kelishuvlar imzolandi.

To’qimachilik

“Namangan To’qimachi” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan “Ejaz group of Companies” kompaniyasi o‘rtasida tekstil sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish, “Mexmash” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan “AKD Group Holdings (Pvt.) Ltd” kompaniyasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish belgilandi. Shuningdek, “Namangan To’qimachi” MCHJ va “AKD Group Holdings (Pvt.) Ltd” kompaniyasi o‘rtasida tekstil sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ham hamkorlik qilinadigan bo‘ldi.

Urug’chilik

Namangan viloyati urug‘chilik boshqarmasi bilan “Fatima Group Corporation” kompaniyasi o‘rtasida urug‘chilik mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha o‘zaro savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yishga kelishilgan bo‘lsa, “Ifoda agrokimyohimoya” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan “Fatima Group Corporation” kompaniyasi o‘rtasida mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish bo‘yicha investitsion loyiha tasdiqlandi.

Turizm

Namangan viloyati turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi bilan Pokiston Islom Respublikasining “O‘zbekiston -Pokiston savdo uyi” hamda “Holidays in Central Asia” turistik kompaniyasi o‘rtasida turizm sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlar imzolandi.

“Pokistonlik yirik kompaniyalardan biri bilan imzolangan e’tiborga molik bitim zavodimizda ishlab chiqarilgan qurilishda ishlatiladigan o‘rama mix (shurp) mahsulotlarni Pokistonga va shu davlat orqali Yevropa mamlakatlari bozoriga olib kirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, bu kelishuv korxonamiz ulushini jahonga mashhur birjalar savdosiga chiqarish uchun tayyorlash vazifasini ham o‘taydi”, — deydi Namangan shahridagi “Mexmash” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Zokirjon Xodjayev.

Namangan viloyati bilan Panjob provinsiyasi o‘rtasida “Birodarlashgan hududlar” sifatida imzolangan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy, turizm sohalaridagi o‘zaro hamkorlik memorandumi ham imzolangan.

Avvalroq Spot, uzunligi 573 kim ni tashkil etadigan “Mozori-Sharif — Kobul — Peshavor” temir yo‘lini qurish bo’yicha uch tomonlama bitim imzolanganligi va loyihani amalga oshirish uchun xalqaro moliyaviy institutlardan yordam so’ralishi haqida yozgan edi. Pokistonning Peshovar porti orqali O’zbekiston Hind okeaniga chiqishi va dengiz yo’li orqali savdo aloqalarini kuchaytirishi mumkin.