Joriy yilning 29 aprel kuni videokonferensiya shaklida Jahon banki Guruhining Bahorgi yig‘ilishlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov hamda Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse — prezidenti Anna Berde o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori L.Burunchuk hamda Bankning bir qator rahbar va ekspertlari ham ishtirok etdi.

Jahon bankining O‘zbekiston Respublikasi bilan 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan yangi Hamkorlik dasturini ishlab chiqish bo‘yicha kelgusida hamkorlik qilish shakllari belgilab olindi. Dastur uchun asos sifatida O‘zbekiston Hukumatining keyingi 5 yil davomida amalga oshiriladigan islohotlar dasturining asosiy ustuvor yo‘nalishlari olinishiga kelishib olindi.

Bank rahbariyatiga 2030-yilgacha To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish strategiyasini ishlab chiqishda ko‘rsatilayotgan texnik yordam uchun minnatdorlik bildirildi. Strategiya O‘zbekiston sanoatining ustuvor tarmoqlariga xorijiy investitsiyalar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha amaliy harakatlarni belgilaydi.

Shuningdek, u to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya oqimlarini, investitsiya qonunchiligi va Respublika sanoatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini o‘rganish, iqtisodiyotning alohida tarmoqlarini asosiy raqobatchi-mamlakatlarning o‘xshash tarmoqlari bilan qiyosiy tahlil qilish va xorijiy investitsiyalarni jalb etishning qadamma-qadam “Yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish bo‘yicha uch bosqichda amalga oshiriladi.

Shuningdek, tomonlar infratuzilmani rivojlantirish va energetika sohalarida umumiy qiymati 1,7 mlrd dollarga teng bo‘lgan yangi istiqbolli loyihalarni muhokama qildilar hamda ularni birgalikda ishlab chiqishni tezlashtirish va amalga oshirishni boshlashga kelishib oldilar.

Muzokaralar yakunida A.Berde va Jahon banki delegatsiyasi joriy yilning may oyida O‘zbekistonga tashrif buyurish niyatida ekanligi ma’lum qilindi, shu munosabat bilan bo‘lajak tashrif kun tartibini amaliy mazmun bilan to‘ldirish maqsadida ikki tomonlama hamkorlikning barcha sohalarida munosabatlarni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.