Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan ko‘chmas mulk va avtomobil bozorlarida talab o‘zgarishi doimiy ravishda tahlil qilib kelinmoqda. Joriy yilning yanvar-aprel oylarida ushbu bozorlarda talabning oshishi O‘zbekistonda iqtisodiy faollik to‘liq tiklanganligini ko‘rsatmoqda. Bu haqida ITIM Spotga xabar beradi.

Ko‘chmas mulk bozori

Joriy yilning aprel oyida mamlakatimizda ko‘chmas mulk bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni 20,8 mingtani tashkil etdi, bu esa mart oyiga nisbatan 2,5% ga ko‘proqdir. 2020-yilning aprel oyida koronavirus pandemiyasi tufayli bu ko‘rsatkich 2,1 mingga tushib ketgan edi, bu esa fevral oyiga nisbatan 87,6%ga, mart oyiga nisbatan 86,1% ga kam.


Ko‘chmas mulk bozorining 30%dan ortig‘i Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Joriy yilning aprel oyida poytaxtimizda ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha tuzilgan shartnomalar soni 6,76 mingtani tashkil etdi, bu mart oyiga nisbatan 9,5%ga ko‘pdir.

Hududlar kesimida ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari sonining eng yuqori yillik o‘sish sur’atlari Toshkent (9,5%), Farg‘ona (9,4%), Sirdaryo (5,9%) va Toshkent (3,3%) viloyatlarida kuzatildi.

Ta’kidlash kerakki, bu ko‘rsatkich Surxondaryo (13,7%), Jizzax (9,9%) va Navoiy (8,4%) viloyatlarida sezilarli darajada kamaydi.