Olmazor tumanidagi 15-umumta'lim maktabi yonidagi piyodalar o‘tish yo‘lagiga ilk innovatsion svetofor o‘rnatildi. Piyodalarga qulaylik yaratish hamda ularning xavfsizligini ta’minlash maqsadida o‘rnatilgan ushbu svetofor inson omilisiz, sensorda boshqariladi. Bu haqda “O'zA” agentligi xabar beradi.

Yo‘lakchaga kelishingiz bilan sensor moslama ishga tushadi va avtomobillar uchun qizil chiroq yonadi. Bu texnologiyada inson omili ishtirok etmaydi.

Shahardagi ayrim joylarda piyodalar o‘tish joyi tugmalar orqali boshqarilishini ko‘rish mumkin. Bu ayrim fuqarolar tomonidan tugmalar doimiy bosib turilishi yoki faqat yashil chiroq yonib turishi uchun tugmachani bog‘lab qo‘yish holatlari kuzatilmoqda. Innovatsion svetofor esa sensor orqali boshqariladi. Piyodalar o‘tish yo‘l belgilari ham LED lampalari orqali yoritiladi.

Mazkur svetofor kunduzi quyoshdan quvvat oladi. Olgan quvvati tun bo‘yi bemalol yetadi. Bundan tashqari, qo‘shimcha o‘rnatilgan chiroqlar haydovchilarni hushyorlikka chorlaydi. Bu esa piyodalar ishtirokidagi turli xil xavf-xatarlarning oldini olishga yordam beradi.

Mutaxassislarning aytishicha, kelgusida mazkur loyihani aholi gavjum joylarga keng tatbiq etish ko‘zda tutilmoqda.