Namangan shahrida axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritadigan “IDU: International Digital University” xalqaro universitetining filiali ochiladi. Bu haqda IT Park oʻzining veb-saytida maʼlum qilmoqda.

Universitet ochilishining barcha nyuanslari va istiqbollarini muhokama qilish uchun joriy yilning 20-may kuni Namanganda IT Park delegatsiyasi, Namangan viloyati hokimligi va “Team” universiteti kengashi vakillari ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Ushbu universitetning oʻziga xos xususiyatlaridan biri — bu dunyoning yetakchi OTMlarida joriy etilgan gibrid taʼlim tizimidir. Masalan, robototexnika kursiga parallel ravishda talabalari seminarlarda oʻz robotlarini yaratish va dasturlash ustida ishlaydi, deyiladi xabarda.

Talabalar oʻqish davomida universitetdan olgan bilimlarini tijoratlashtirishga qaratilgan talaba startap loyihalarini yaratish va rivojlantirish bilan shugʻullanadilar. Talabalarga oʻz loyihalarini ishlab chiqishlari uchun akademik taʼtil olish huquqi beriladi.

“IDU: International Digital University” filialinining dastlabki oʻn yillik faoliyati davomida bakalavriat dasturlariga qabul qilinadigan talabalar sonini 5000 taga yetkazish rejalashtirilmoqda.