Siz sotib olmoqchi boʻlgan mebel, oshxona jihozlari, maishiy-texnika yoki elektron jihozlar moʻljalingizga nisbatan qimmatroq boʻlsa, bankdan kredit olasizmi yoki sotuvchining tavsiyasiga amal qilib, doʻkonning oʻzidan “boʻlib toʻlash” taklifini qabul qilasizmi?

Krediti rasmiylashtirishdan oldin tovar bozor qiymatiga nisbatan qanchalik qimmat tushayotganiga eʼtibor qaratish kerak. Ana shunda siz oʻzingiz uchun qulay yechimni topa olasiz. Ushbu maqolada, bank va doʻkonning bu tizimda qanday ishlashini aniq misollarda koʻrib chiqamiz.

Bank krediti

Bank isteʼmol kreditlari mamlakatimizning barcha banklari taklif etadigan bank xizmati turi boʻlib, ular Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan isteʼmol tovarlarini xarid qilish maqsadida ajratiladi:

  • maishiy-texnika, kompyuter, radio va elektrotexnika;
  • mebel va uy-joy jihozlari;
  • dam olish va davolanish maskanlariga yoʻllanma;
  • avtotransport vositalarini sotib olish;
  • marosimlar (toʻy, yubiley) oʻtkazish.

Isteʼmol krediti har bir bankning ichki tartibiga asosan ajratiladi. Kredit mahsulot va xizmat yetkazib beruvchining hisob varagʻiga pul koʻchirish yoʻli bilan ajratiladi. Shuningdek, baʼzi banklar kredit uchun garov taʼminoti (koʻchmas va koʻchar mulk, sugʻurta polisi) talab etadi.

Aksariyat hollarda isteʼmol kreditlari uchinchi shaxsning (masalan, doimiy daromadga ega boʻlgan hamkasbingiz, oʻrtogʻingiz yoki qarindoshingiz) kafilligi ostida ajratiladi.

Banklar isteʼmol kreditlarini oʻrtacha 22%-28% stavkalaridan, 1 yildan 3 yilgacha boʻlgan muddatlarda taklif etadi. Baʼzi banklarda shartnomaning 20%-25% miqdorigacha boshlangʻich badal qoʻyilishi koʻzda tutilgan. Kreditni soʻndirish kamayib borish tartibida yoki oyma-oy bir xil miqdordagi toʻlovlar (annuitet) asosida amalga oshirilishi mumkin.

Kredit uchun qaday hujjatlar taqdim etiladi
  1. Ariza;
  2. pasport / identifikatsiya ID-kartasi / yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi/ harbiy bilet nusxasi;;
  3. olingan daromadlar toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma (soʻnggi 12 oylik, baʼzi banklarda soʻnggi 6 oylik);
  4. mahsulot yoki xizmat yetkazib beruvchi bilan imzolangan shartnoma;
  5. kredit taʼminoti hujjatlari (uchinchi shaxs kafilligi, sugʻurta polisi yoki garov mulki).

Isteʼmol krediti boʻyicha maʼlumotlarni ushbu maqoladan topishingiz, kredit boʻyicha barcha xarajatlarni banklar veb-saytidan kredit kalkulyatori yordamida onlayn hisoblashingiz mumkin. Baʼzi banklarning veb-sayti orqali isteʼmol krediti uchun onlayn ariza topshirishingiz ham mumkin.

Shu oʻrinda aytish joizki, sizga kichik miqdorda kredit zarur boʻlsa, overdraft kreditini yoki bank kredit kartasini rasmiylashtirish imkoniyatingiz ham mavjud. Oʻz navbatida, bunday kreditlarning foizlari va kredit shartlari isteʼmol krediti shartlaridan tubdan farq qilishi mumkin.

“Boʻlib toʻlash”
Hozirgi kunda, koʻchalarda “Mahsulotlarni rassrochkaga beramiz” mazmunidagi eʼlon va reklamalarga koʻzimiz tez-tez tushadi. Bunda asosan quyidagi hujjatlar talab etiladi:
  1. pasport nusxasi;
  2. ish joyidan oylik daromad toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma.

Isteʼmolchi oʻziga jalb etuvchi bunday taklifga osongina koʻnishi mumkin.

Keling, bugungi kunda bozor narxi 3,5 mln soʻmlik muzlatkichini kredit va “rassrochka"ga sotib olinganda muzlatkichning asl bahosi qanchaga tushishini amaliy hisob-kitoblarda koʻrib chiqamiz.


Kredit
Rassrochka
oylik toʻlov
330 958 soʻm

414 166 soʻm
muddati
12 oy

12 oy
foizi
24%

-
jami toʻlov
3 971 503 soʻm

4 970 000 soʻm
Tovar asl narxidan necha foizga qimmatga tushmoqda


13%



42%


Demak, doʻkondan “boʻlib toʻlash"ga olgan mahsulotingiz kreditga nisbatan ancha qimmatga tushadi. Umuman olganda, bank krediti yoki “rassrochka"dan birini tanlash huquqi oʻzingizda qoladi. Bu borada oʻzingizdan kelib chiqib tanlov qilasiz.


Mazkur maqola Markaziy bankning finlit.uz sayti maʼlumotlari asosida tayyorlandi.