Avval xabar qilinganidek, barcha mamlakatlardagi avtomobil sanoati yarimo’tkazgichlarning global tanqisligi bilan bog’liq bo’lgan og’ir davrlarni boshdan kechirmoqda. Mikrochiplarning kam ishlab chiqarilishi natijasida bir qator yirik avtomobil zavodlari to’liq yopildi.

Sotuv tizimi yordamida bir shaxs tomonidan avtomobillarni sotib olish uchun 10, 20 va hattoki, 200 ta kelishuv shartnomalarining tuzilganlik holatlari aniqlandi.

Ushbu shaxslar yuzaga kelgan holatni o’z biznesiga aylantirib, qo’yilgan navbatini kutishni xohlamaydigan shaxslarga o’z navbatini imtiyozli berish maqsadida shartnomalar tuzishadi.

“UzAuto Motors” hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar mijozlarning shaxsiy murojaatlari va shikoyatlarisiz na tezkor chora-tadbirlar ko’rish, na jinoiy ish bo’yicha tergov olib borish huquqiga ega emas.

Kompaniya noqonuniy bitim holatlari va boshqa korrupsion vaziyatlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yoki kompaniyaning call-center xizmatiga xabar berishni ta’kidladi.

Shundan kelib chiqqan holda, “UzAuto Motors” kompaniyasi yangi avtomobillarni sotish va sotib olishning barcha noqonuniy yo’llarini oldini olish uchun savdo ma’lumotlar bazasini Davlat yo’l harakati xavfsizlik xizmati inspektsiyasining yangi avtomobillarni ro’yxatdan o’tkazish bazasi bilan sinxronlashtirish tashabbusi bilan chiqdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Davlat yo’l harakati xavfsizligi xizmati hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi ko’magidagi hamkorlikni o’zida aks ettirgan ushbu loyiha o’sha noqonuniy boyish tizimi paydo bo’lishining oldini oladi va avtomobilni olishda navbatni berishning imkonsizligini ta’minlaydi.