“Davlat moliyaviy nazorati tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident farmoni (PF-6300-son, 27.08.2021 y.)qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, 2022-yil 1-yanvardan Hisob palatasi tomonidan amalga oshiriladigan nazorat shakllari va turlariga qo‘shimcha quyidagilar amaliyotga joriy etiladi:

  • moliyaviy audit;
  • muvofiqlik auditi;
  • samaradorlik auditi.

2021-yil 1-oktyabrdan Hisob palatasi, Moliya vazirligi va ichki audit xizmatlari har chorakda OAV vakillari ishtirokida jamoatchilikka o‘z hisobotlarni eʼlon qilib boradi.

2022-yil 1-yanvardan moliyaviy nazorat tadbirlari faqatgina nazorat ishlarining yillik dasturiga kiritilgan subyektlarda amalga oshiriladi (kameral nazorat va qonunchilikda ko‘zda tutilgan boshqa holatlar bundan mustasno).

2022-yil 1-yanvargacha “Davlat auditi” dasturiy kompleksi ishga tushiriladi. Unga ko‘ra:

  • byudjet tashkilotlari, davlat maqsadli jamg‘armalari va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamg‘armalarda o‘tkazilgan barcha davlat moliyaviy nazorati tadbirlari, shu jumladan ichki audit xizmatlarining audit tadbirlari “Davlat auditi” dasturida ro‘yxatga olinadi;
  • har bir nazorat tadbiri uchun o‘rganiladigan savollar, tadbirning predmeti, maʼlumotlarni jamlash va tahlil o‘tkazish tartibini o‘z ichiga olgan nazorat tadbirini o‘tkazish rejasi tuziladi;

️"Davlat auditi" dasturida ro‘yxatga olinmagan nazorat tadbirlari noqonuniy hisoblanadi.

2022-yildan Moliya vazirligi va har bir ichki audit xizmati tomonidan har chorakda fuqarolar ishtirokidagi audit tizimi orqali aniqlangan kamida 2 tadan obyektda nazorat tadbirini o‘tkazish tizimi joriy etiladi.