Prezident qarori (PQ-5238-son, 28.08.2021 y.) bilan Toshkent shahrida “S.A. Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti” federal davlat byudjeti oliy taʼlim muassasasi filiali tashkil etildi.

Qarorga ko‘ra, Filial “S.A. Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti” federal davlat byudjeti oliy taʼlim muassasasining (Rossiya Federatsiyasi) (BDKI) yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan alohida tarkibiy bo‘linmasi — oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi.

Filialda taʼlim faoliyati 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanadi.

Taʼlim jarayoni Kinematografiya agentligi bilan kelishgan holda BDKI tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv reja va dasturlar asosida rus tilida olib boriladi, shu bilan birga unda o‘zbek tili va O‘zbekiston tarixi o‘qitiladi.

Quyidagilar Filialning asosiy taʼlim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari hisoblanadi:

  • Dramaturgiya;
  • Prodyuserlik (turlari bo‘yicha).

Taʼlim kunduzgi, sirtqi shaklda hamda masofaviy tarzda yo‘lga qo‘yiladi.

Bitiruvchilarga O‘zbekistonda oliy maʼlumot sifatida tan olinadigan Rossiya Federatsiyasi davlat namunasidagi BDKI diplomi beriladi.

Filialda davlat granti asosida taʼlim olgan bitiruvchilar 5 yildan kam bo‘lmagan muddatga majburiy ishlab berish sharti bilan kinokompaniyalar, teleradiokompaniyalar yoki kino va televideniye sohasidagi tashkilotlarga taqsimlanadi.