Prezident “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi Qonunni imzoladi.

Mazkur qonun bilan Soliq kodeksiga ayrim hududlarda soliq solishning alohida tartibini nazarda tutuvchi maxsus soliq rejimi kiritildi.

Alohida hududlar sifatida quyidagilar belgilandi:

  • Farg‘ona viloyatining So‘x tumani;
  • Rishton tumanining Cho‘ng‘ara mahallasi;
  • Farg‘ona tumanining Shohimardon, Yordon mahallalari va Hosilot mahallasining Toshtepa — 2 ko‘chasi.

Ayrim hududlarda soliq stavkalari quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

  • foyda va daromad solig‘i bo‘yicha — 1 foiz;
  • tadbirkorlar uchun har chorakda 25 ming so‘m;
  • ijtimoiy soliq bo‘yicha — yuridik shaxslar uchun — 1 foiz (byudjet tashkilotlari bundan mustasno), YATTlar uchun — yiliga BHMning kamida 1 baravari;
  • aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha — 1 foiz (2021 yil 1 yanvardan yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan ham qo‘llaniladi).

Qonunda davlat organlari soliq solish obyektlariga oid ma’lumotlarni soliq organlariga real vaqt rejimida elektron shaklda taqdim etishi ham belgilandi.

Quyidagilarga to‘lanadigan boshlang‘ich yordam pulidan hamda uy-joy ijarasi uchun har oylik pul kompensatsiyasidan daromad solig‘i undirilmaydi (2021-yil 1-iyundan yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan ham qo‘llaniladi):

  • olis, borish qiyin hududlardagi byudjet bakalavriat yoki magistraturani tamomlagandan 3 yilda ishga qabul qilingan xodimlarga;
  • olis va borish qiyin hududlardagi shifokorlik punktlari va poliklinikalarga, ta’lim muassasalariga ishga kirgan, boshqa hududlarda yashaydigan oliy ma’lumotli shifokorlarga va mutaxassislarga;
  • Prezident yoki Hukumat qarorlari bilan belgilangan dasturlarda qatnashib olingan bonuslar, pul mukofotlari tarzidagi pul to‘lovlaridan ham soliq undirilmaydi.

2022-yil 1-yanvargacha davrda 2020-yil 31-dekabrdagi holatga ko‘ra soliq qarzini majburiy ravishda undirish, shuningdek quyidagilar bo‘yicha penya hisoblash choralari ko‘rilmaydi:

  • turizm, transport va umumiy ovqatlanish bilan band tadbirkorlarning mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha;
  • 2020-yilda hisoblangan va qiyinchiliklar bilan yuridik shaxslar tomonidan to‘lanmagan ularning mol-mulkiga solinadigan soliq va yer solig‘i bo‘yicha;
  • 2020-yil 15-maydagi holatga ko‘ra qarzdorligi mavjud bo‘lgan mikrofirmalar va kichik korxonalarga soliqlar, penyalar va soliq to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun hisoblangan jarimalar bo‘yicha.

Turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasida mehmonxona xizmatlari (joylashtirish xizmatlari) ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlari 2021-yil 31-dekabrgacha bo‘lgan davr uchun:

  • foyda solig‘ini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foiz kamaytirilgan stavkada to‘laydi;
  • ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdoridagi stavkada to‘laydi;
  • yuridik shaxslarning mol-mulkidan olinadigan soliqni va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi.

Mavzuga doir: Yakka tartibdagi tadbirkorlar daromad solig‘ining qat’iy belgilangan summalarini to‘lashdan ozod qilinadi.