Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillariga koʻra, avgust oyida respublikada avtomobillar oldi-sotdisi boʻyicha bitimlar soni sezilarli darajada oshib iyul oyiga nisbatan oʻsish 21,4% ni tashkil etdi.

Biroq ichki bozorda boʻlgan talab miqdori 2020-yil avgust oyi bilan taqqoslaganda 8,6% ga kamaydi. Buning sababi oʻtgan yilning iyul oyida joriy qilingan lokdaundan keyin avgust-dekabr oylarida kechiktirilgan talab qondirilishi bilan izohlanadi.

Mikrochiplarning global taqchilligi ichki bozorga bosim oʻtkazdi.

Joriy yilning avgust oyida sezilarli oʻsishga qaramay, avtomobil bozorida savdo hajmi karantindan oldingi darajasiga yetmadi. Shunday qilib, avtomobil savdosi 2019-yil avgust oyiga nisbatan 5,1% ga biroz kamaydi.

Avvalo, koronavirus pandemiyasi oqibatida mikrochiplarning global taqchilligi ichki avtomobil bozoridagi faollikka bosim oʻtkazishda davom etmoqda, bu esa yetkazib berish muddatini oshirmoqda.

Joriy yilning avgust oyida yangi avtomobillar savdosi (12,1 ming) oʻtgan iyul oyiga (18,5 ming) nisbatan 34,9% ga kamaygan boʻlsa, avgust oyida ikkilamchi bozorda avtomobillar savdosi (45,3 ming) 57,6% ga koʻpaydi.


Ekspertlar yangi avtomobillar savdosining kamayishini joriy yil 15-iyulidan 21-avgustigacha boʻlgan davrda UzAuto Motors Asaka avtomobil zavodida Chevrolet Onix va Tracker modellarini oʻzlashtirish doirasida ishlab chiqarish imkonini beradigan oʻrnatish va ishga tushirish ishlari amalga oshirilishi sababli ishlab chiqarishning vaqtinchalik toʻxtatilgani bilan izohlashmoqda.

2021-yilning avgust oyida 10,6 ming dona yangi yengil avtomobillar davlat roʻyxatidan oʻtkazildi (iyul oyiga nisbatan kamayish 38,5%). Shundan, 1021 tasi (10,7%) chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillar hisoblanadi.

Umuman, yanvar-avgust oylarida respublika boʻyicha 122,4 ming dona yangi yengil avtomobillar, shundan 6,2 ming dona chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillar sotildi.