“Soliq to‘lovchilarni hisobga olishni yanada takomillashtirish va qo‘shilgan qiymat solig‘ining o‘rnini qoplash tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra:

  • xavfga asoslangan yondashuvni qo‘llash amaliyoti QQS to‘lovchilarni soliq organlarida maxsus ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-taomillariga tatbiq etish bilan kengaytiriladi;
  • intizomli soliq to‘lovchilarga o‘rni qoplanishi lozim bo‘lgan QQS summasini qaytarish tezlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi;
  • intizomli soliq to‘lovchilarning ro‘yxati Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tahlika-tahlil dasturi asosida shakllantiriladi hamda o‘z rasmiy veb-saytida e’lon qilib boriladi.

QQS to‘lovchilarni soliq organlarida maxsus ro‘yxatdan o‘tkazishda arizalar 7 kun ichida ko‘rib chiqiladi.

Arizani ko‘rib chiqish natijalari shu muddatda taqdim etilmaganda, QQS to‘lovchiga maxsus ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma avtomatik ravishda beriladi.

2022-yil 1-yanvardan QQS to‘lovchilar va ustav jamg‘armasida davlat ulushi 50 foizdan ko‘proq miqdorda bo‘lgan yuridik shaxslar uchun quyidagilar majburiy hisoblanadi:

  • asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tovar-moddiy resurslarni hisobga olish hamda o‘z ustav fondini shakllantirish va kamaytirish bilan bog‘liq barcha operatsiyalarni davlat soliq organlarining “E-aktiv” avtomatlashtirilgan avtomat tizimida aks ettirish;
  • xo‘jalik faoliyati davomida tovar-moddiy zaxiralar saqlash muddati tugagach yo‘q qilinganda va hisobdan chiqarilganda 3 ish kunidan kechiktirmasdan “E-aktiv” AATda aks ettirish.

2022-yil 1-yanvardan yuridik shaxslar tomonidan ko‘chmas mulkni ijaraga berish (olish) yoki tekin foydalanish shartnomalari davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yiladi. Bunda hisobga qo‘yish masofadan turib faqat elektron shaklda amalga oshiriladi.

Qaror bilan shuningdek, Qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilarini soliq organlarida qo‘shilgan qiymat colig‘i bo‘yicha maxsus ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.