Oliy Majlis Qonunchilik palatasining boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida"gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda moddama-modda koʻrib chiqildi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 5 ta moddasida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarlik uchun tayinlanadigan jarimalar miqdori maʼmuriy huquqbuzarliklarning xavflilik darajasidan kelib chiqib, keskin kamaytirilmoqda.

Xususan, muddati oʻtgan sugʻurta polisi yoki sugʻurta polisida nazarda tutilmagan shaxs avtotransport vositasini boshqargani uchun jarima miqdori ikki baravar kamaytirilyapti.

Shuningdek, transport vositalari egalari tomonidan sugʻurta polisini olmaganlik uchun jarima fuqarolarga ikki baravar, mansabdor shaxslarga esa uchdan bir qismga kamaytirilmoqda. Fuqarolar tomonidan valyuta qiymatliklarini noqonuniy olish yoki oʻtkazish uchun jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan yigirma baravarigacha boʻlgan miqdor oraligʻida belgilanmoqda.

Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan buxgalteriya hisobi va hisoboti tartibini buzganlik uchun mansabdor shaxslarga nisbatan jarimalar miqdori deyarli ikki baravar, yoʻlovchilarni litsenziyasiz tashish bilan shugʻullanganlik uchun jarima miqdori uch baravar kamaytirilmoqda.

Fuqarolar tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjati boʻlmagan, vaqtincha yoki doimiy roʻyxatdan oʻtmagan fuqarolarni turar joy binolarida yashashga ruxsat berganlik uchun jarima miqdorini 735 ming soʻm, yil davomida takroriy sodir etilgan taqdirda 1 mln 225 ming soʻm etib belgilash taklif qilinmoqda.