Senatning 21-yalpi majlisida “Transport va moliya sohalaridagi ayrim huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun maʼmuriy jazolar liberallashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida"gi qonun koʻrib chiqildi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda nazarda tutilgan yoʻl harakati sohasidagi huquqbuzarliklar uchun belgilangan maʼmuriy javobgarliklar miqdori hozirgi zamon talablari va xavflilik darajasiga toʻliq javob bermaydi.

Ushbu qonun bilan maʼmuriy huquqbuzarliklarning xavflilik darajasidan kelib chiqib, maqbullashtirish maqsadida 5 ta modda sanksiyasi miqdori kamaytirilmoqda.

Xususan, transport vositalari egalari tomonidan sugʻurta polisini olmaganlik yoki muddati oʻtgan sugʻurta polisi yoki sugʻurta polisida nazarda tutilmagan shaxs avtotransport vositasini boshqargani, yoʻlovchilarni litsenziyasiz tashish bilan shugʻullangani, pasport tizimi qoidalarini buzgani, fuqarolar tomonidan valyuta qiymatliklarini noqonuniy olish yoki oʻtkazish uchun jarima miqdori kamaytirilmoqda.

Shuningdek, senatorlar tomonidan qayd etilishicha, kiritilayotgan oʻzgartirishlar bilan transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarga bluetooth, quloqchin va boshqa qoʻlni band qilmaydigan garnituralardan foydalanishga ruxsat berilmoqda.

Transport vositasi salonining old qismiga monitor (displey) oʻrnatish uchun javobgarlik bekor qilinmoqda, shuningdek, transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborganda tezlikni oʻlchaydigan maxsus uskunalar qayd etgan tezlikdan soatiga 5 kilometr ayirib tashlab hisoblash joriy etilmoqda.

Avvalroq Spot Oʻzbekistonda Renault avtomobillari rasmiy sotuvga chiqqanligi va uning narxlari haqida yozgan edi.