Yanvar oyi uchun beriladigan pensiya va nafaqa toʻlovlari 5−6 yanvardan boshlab amalga oshiriladi. Bu haqda Pensiya jamgʻarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, prezident qaroriga muvofiq pensiya va nafaqalar toʻlovi har oyning birinchi bank ish kunidan boshlanib, oyning 27-sanasiga qadar kunlik grafik asosida (dam olish kunlaridan tashqari) mahalla fuqarolar yigʻinlari va fuqarolarning yashash manziliga yetkazilmoqda.

Oʻzbekiston prezidentining tegishli farmoniga asosan 2021-yilning 31-dekabr va 2022-yilning 1−4-yanvar kunlari respublikada barcha soha vakillari uchun dam olish kuni deb eʼlon qilindi.

“Shu munosabat bilan xalqimiz oʻrtasida tushunmovchiliklar yuzaga kelishining oldini olish hamda pensiya va nafaqa oluvchilarning ovoragarchiliklariga yoʻl qoʻymaslik maqsadida, yanvar oyi uchun pensiya va nafaqalar naqd pul shaklida tarqatilishi hamda bank kartalariga yuklanishi 5−6-yanvar sanasidan boshlab belgilangan muddatlargacha toʻlanishi taʼminlanadi”, deyiladi xabarda.

Avvalroq Spot fuqarolar pensiya hisobvaragʻida qancha mablagʻ yigʻilganini onlayn kuzatishlari mumkinligi haqida yozgan edi.