Oʻzbekistonliklar endilikda pensiya hisobvaragʻida qancha mablagʻ yigʻilganini onlayn tarzda bilib olishi mumkin. Bu haqda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2005-yildan kuchga kirgan “Fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti toʻgʻrisida"gi qonundan hanuzgacha bexabarlar koʻp.

“Aksariyat kishilar shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻidagi mablagʻni nafaqaga chiqqanida har oy oladigan pensiya puli bilan adashtirdi. Bu haqida maʼlumotga ega boʻlganlar esa hisobvaragʻiga qancha mablagʻ yigʻilganini bilish uchun bankka tez-tez qatnab turadi. Axir, bu nafaqaga chiqqanda yillar davomida toʻplanib turgan mablagʻni (har oylik pensiyadan tashqari) bir marotaba ulgurji yoki boʻlib-boʻlib olish imkoniyati-ku”, deyiladi maʼlumotda.

Bildirilishicha, my.gov.uz manzilida nafaqat shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻi holati haqida maʼlumotga ega boʻlish, balki tegishli maʼlumotnomani tez va oson yuklab olish imkoniyati ham bor.

Avvalroq Spot davlat xizmatlari markazi orqali olinadigan qaysi hujjatlarga chegirma berilishi haqida yozgan edi.