Markaziy bank Oʻzbekistonning xalqaro zaxiralari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qildi. 2022-yilning 1-mart holatiga koʻra, Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari $35,36 mlrd ni tashkil qilgan. Taqqoslash uchun, bu koʻrsatkich 2022-yil 1-fevralga nisbatan $935 mln ga oshgan.

Fevral oyi davomida oltinning fizik hajmi sezilarli miqdorda: 11,6 mln troya unsiyadan 10,9 mln troya unsiyaga (taxminan 21,77 tonna), qiymati esa $20,77 mlrd dan $20,72 mlrd ga kamaygan. Bu jahon bozorida oltin narxlarining sezilarli darajada qimmatlashgani bilan izohlanishi mumkin.

Eslatib oʻtamiz, 1 unsiya 31,1 grammga toʻgʻri keladi.

Shuningdek, zaxira aktivlari tarkibidagi xorijiy valyuta zaxiralari $12,54 mlrd dan $13,52 mlrd ga yoki $983,2 mln ga oshgan.

Zaxiralar mamlakatning “xavfsizlik yostiqchasi” ham hisoblanadi — ular salbiy tashqi shok holatlarda zarbani kamaytiruvchi omil sifatida zarur. Xalqaro tashkilotlarning tavsiyalariga koʻra, rivojlanayotgan davlatlar uchun zaxiralar kamida 3 oylik importni qoplashi kerak.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston yalpi xalqaro zaxiralari 2022-yil boshidan beri $221,4 mln ga yoki 0,6% ga oshgan.

Avvalroq Spot oltin tanga va quymalar ikki hafta ichida deyarli 10% ga qimmatlashganligi haqida yozgan edi.