Oʻzbekiston Transport vazirligining xabar berishicha, bir qator xalqaro avtobus yoʻnalishlarida tajriba-sinov tariqasida qatnovlar tiklanish arafasida.

Xususan, Tojikistonning “Xolding Aziya Grupp Tadjikistan” korxonasi yaqin orada Oʻzbekistoning qator shaharlariga tajriba tariqasida xalqaro avtobus qatnovlarini boshlaydi.

Joriy yilning 2-aprel kunidan eʼtiboran korxona Dushanbe — Termiz, Dushanbe — Denov hamda Panjikent — Samarqand yoʻnalishlarida tajriba-sinov tariqasida qatnovlarni amalga oshiradi.

  • Dushanbe — Termiz yoʻnalishida qatnov masofasi 251 km boʻlib, yoʻnalishni bosib oʻtishga 5 soat 40 daqiqa vaqt sarflanadi.
  • Dushanbe — Denov yoʻnalishi qatnov masofasi 107 km, yoʻnalishga sarflanadigan vaqt 2 soat 25 daqiqani tashkil etadi.
  • Panjikent — Samarqand yoʻnalishi qatnov masofasi 64 km boʻlib, yoʻnalishga sarflanadigan vaqt esa 1 soat 25 daqiqa.

Maʼlumot uchun, bugungi kunda Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida Toshkent — Xoʻjand va Qoʻqon — Xoʻjand yoʻnalishlarida muntazam qatnovlar amalga oshirib kelinmoqda.