Prezident “Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Transport vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi:

a) ikki oy muddatda “Uzbekistan Airports” AJning Toshkent shahridagi va hududiy xalqaro aeroportlarini modernizatsiya qilish va operatsion samaradorligini oshirish uchun xususiy sektorga davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga berish bo‘yicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi. Bunda, Farg‘ona vodiysidagi aeroportlarni maqbullashtirish orqali ulardan samarali foydalanish choralari nazarda tutiladi;

b) bir oy muddatda Jahon bankini jalb etib, 2022-yil 1-iyunga qadar “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJni transformatsiya qilish, rivojlantirish va xususiylashtirish strategiyasi ishlab chiqilishini ta’minlaydi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJni transformatsiya qilish bo‘yicha maxsus ishchi guruh tasdiqlandi.

Ishchi guruh (J.Qo‘chqorov) 2022-yil 1-avgustga qadar “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJni transformatsiya qilish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror loyihasini kiritadi:

  • o‘zining yo‘lovchi va yuk vagonlariga ega xususiy operatorlar faoliyatini rivojlantirish hamda temiryo‘l transporti xizmatlari bozorida raqobatni rivojlantirishga qaratilgan shaffof va moslashuvchan tarif tizimini yaratish yo‘li bilan tarif siyosatini takomillashtirish;
  • temiryo‘l transporti korxonalarida operatsion va biznes jarayonlar samaradorligini oshirish, shu jumladan, xizmat ko‘rsatuvchi va iste’molchi o‘rtasidagi munosabatlarni raqamli transformatsiya qilish yo‘li bilan integratsiyalash;
  • temiryo‘l orqali ichki va xalqaro yuk hamda yo‘lovchi tashuvlarini davlat-xususiy sheriklik yoki franshiza asosida xususiy sektorga berish;

v) 2022-yil 1-avgustga qadar xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda Toshkent shahar jamoat transporti tizimini 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi doirasida jamoat transporti faoliyatiga xususiy sektorni, jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida loyihalarni amalga oshirishga jalb etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta’minlaydi.

Vazirlar Mahkamasi 2022-yil 1-dekabrga qadar Toshkent shahri misolida Nukus shahri va barcha viloyatlar markazlarida jamoat transporti infratuzilmasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqib, joriy etishni boshlaydi.