Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolarning raqamli pasporti” loyihasini joriy qilish hisobiga aholidan muayyan faktlarni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish amaliyotini bekor qilishni tashkil etish toʻgʻrisida"gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.

Axborot texnologiyalari vazirligi, Ichki ishlar vazirligining Toshkent shahrida 2022-yil 15-iyuldan 2023-yil 1-dekabrga qadar tajriba tariqasida “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalashning yagona axborot tizimi negizida ayrim turdagi maʼlumot va hujjatlarni elektron koʻrinishda taqdim etish imkoniyatini beruvchi “OneID mobile” mobil ilovasini yaratishni koʻzda tutuvchi “Fuqaroning raqamli mobil pasporti” loyihasini joriy qilish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullanadi.

Belgilab qoʻyilishicha:

  • davlat organlari va tashkilotlari, xoʻjalik birlashmalari hamda mahalliy ijro hokimiyati organlari, tijorat yoki notijorat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslar tomonidan tajriba oʻtkazish davrida aholi va tadbirkorlik subyektlaridan talab etiladigan alohida turdagi maʼlumot va hujjatlar mobil ilova orqali elektron koʻrinishda taqdim etilgan taqdirda ular qogʻoz hujjatga tenglashtiriladi va u bilan bir xil yuridik kuchga ega boʻladi;
  • mobil ilova orqali taqdim etiladigan alohida turdagi maʼlumot va hujjatlar ushbu mobil ilovada shakllantiriladigan QR-kod orqali tekshiriladi;
  • Oʻzbekiston fuqaroligini tasdiqlovchi hujjati (pasporti yoki Oʻzbekiston fuqarosining identifikatsiya kartasi) boʻlgan 16 yoshga toʻlgan shaxslar elektron hujjatlardan mobil ilova orqali foydalanish huquqiga ega;
  • mobil ilovadan foydalanishda mobil trafik uchun toʻlov undirilmaydi.

Vazirlik tajriba natijalari asosida 2023-yil 15-dekabrga qadar ushbu loyihani boshqa sohalarda hamda respublikaning barcha hududlarida tatbiq etish, qonunchilik hujjatlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar yuzasidan asoslantirilgan takliflar kiritadi hamda loyihani amalga oshirish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirib boradi.

Toshkent shahrida 2022-yil 15-iyuldan boshlab shunday tartib oʻrnatiladiki, unga koʻra:

  • jismoniy shaxslarga davlat va tijorat xizmatlari, shu jumladan bank, turistik, sugʻurta, mobil, mehmonxona hamda avia va temiryoʻl transporti xizmatlari koʻrsatish jarayonida maʼmuriy tartib-taomillarni amalga oshirishda nazarda tutilgan maʼlumot va hujjatlarni mobil ilova orqali taqdim etishga ruxsat etiladi;
  • davlat va tijorat xizmatlarini koʻrsatish doirasida maʼmuriy tartib-taomillarni amalga oshirishda jismoniy shaxslardan mobil ilova orqali taqdim etilgan ayrim turdagi maʼlumot va hujjatlarning asl nusxalariga tengligini isbotlashni talab qilish taqiqlanadi.