Adliya vazirligining xabariga koʻra, Tadbirkorlik kodeksi loyihasi bilan quyidagilar nazarda tutilmoqda:

  • kodeks loyihasi bilan yaxlit 9 ta amaldagi qonun, 2 ta yangi qonun loyihalari va 10 dan ortiq qonunosti hujjatlari birlashtirilib, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishdan boshlab uni tugatishgacha boʻlgan barcha jarayonlarni tartibga solishga qaratilgan;
  • ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasiga asosan, tadbirkorlik subyektlari kichik, oʻrta va yirik toifalarga ajratilmoqda;
  • tadbirkorlik subyektlarining tashkiliy-huquqiy shakllari bazasi ixchamlashtirilib, tadbirkorlar ichida ommabop boʻlmagan “xoʻjalik shirkati” tashkiliy-huquqiy shakli bekor qilinmoqda;
  • yakka tartibdagi tadbirkorlar shugʻullanishi mumkin boʻlmagan faoliyat turlarini belgilagan holda ularga qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish huquqi berilmoqda;
  • tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solishning chegaralari hamda tartibga solish shakllari belgilanmoqda;
  • 43 ta davlat organining 146 ta nazorat funksiyalari va Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibida oʻtkaziladigan 18 turdagi tekshiruvlar roʻyxatlari kodeksga ilova sifatida tasdiqlanmoqda. Bunda roʻyxatga kiritilmagan barcha tekshiruvlar Biznes-ombudsman bilan kelishilgan tartibda amalga oshirilishi belgilanmoqda;

Davlat nazoratining 4 ta shakli belgilanib, shundan faqat maʼlumotlarni tahlil qilish va tekshiruvda aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan tadbirkorga nisbatan huquqiy taʼsir chorasi qoʻllanilishi belgilanmoqda. Bunda:

  • moliyaviy sanksiyalar sud tomonidan qoʻllaniladi (bundan soliqqa tortish va bank sohalaridagi sanksiyalar mustasno);
  • bir xil turdagi huquqbuzarlik uchun tadbirkorlik subyektiga moliyaviy sanksiya va uning mansabdor shaxsiga maʼmuriy javobgarlik nazarda tutilgan hollarda, faqat moliyaviy sanksiya qoʻllaniladi;
  • birinchi marta huquqbuzarliklar sodir etgan tadbirkorlik subyektlari ushbu qonunbuzilishni bartaraf etish toʻgʻrisidagi koʻrsatmani bajargan, shuningdek, yetkazilgan zararni qoplagan taqdirda, ularga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilmaydi;
  • barcha talablarni oʻz ichiga olgan Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar reyestri hamda tadbirkorlik subyektlari uchun imtiyozlarning yagona reyestrini shakllantirish va oshkor etish nazarda tutilmoqda. Bunda Majburiy talablar reyestriga kiritilmagan talablar boʻyicha javobgarlik belgilash taqiqlanmoqda;
  • qoʻshimcha majburiyatlarni yuklashni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlarga qabul qilingandan keyin bir yil davomida oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish taqiqlanadi (yengillashtiruvchi normalardan tashqari);

Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlat subsidiyalarini joriy etishning quyidagi tartibi belgilanmoqda:

  • subsidiya prezident qarori bilan joriy etiladi, tartib-taomillari — hukumat tomonidan belgilanadi;
  • subsidiyalarning asosiy yoʻnalishlari belgilanadi va ular “yagona darcha” prinsipi asosida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ajratiladi;
  • Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot bankining takliflari va xalqaro standartlarga muvofiq ayollar va yoshlar tadbirkorligi hamda ularni qoʻllab-quvvatlash tizimi (alohida dasturlar asosida) joriy etilmoqda;
  • ijtimoiy tadbirkorlik, ijtimoiy korxona, aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari roʻyxati va ularni, jumladan nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlashning mexanizmlari belgilanmoqda;
  • biznes-inkubatorlarning huquqiy maqomi, maqsad va vazifalari belgilanmoqda;
  • davlat korxonalariga raqobatni cheklovchi toʻgʻridan-toʻgʻri soliq, bojxona va boshqa turdagi imtiyoz va preferensiyalar berish taqiqlanmoqda.

Bildirilishicha, Tadbirkorlik kodeksining qabul qilinishi tarqoq holda boʻlgan qonunchilik hujjatlarini yagona hujjatga birlashtirish, tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik hujjatlarini barqarorlashtirish, davlatning tadbirkorlik sohasiga aralashuvini kamaytirish, shuningdek tadbirkorlik huquqi sohasida yagona yondashuvni belgilashga xizmat qiladi.