O‘zbekistondagi banklar startaplar bilan tizimli uchrashuvlarni o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

8-may kuni vazirlikda banklar ishtirokida tadbir o‘tkazilib, unda prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov, vazir Sherzod Shermatov va mamlakat banklarining rahbar-xodimlari ishtirok etdi.

Uchrashuv bank sektorini venchur va startap ekotizimining rivojlanish dinamikasi bilan tanishtirishga qaratilgan. “AloqaVentures” va “IT Park” vakillari startap ekotizimini rivojlantirish ishlari haqida ma’lumot, bank sohasiga innovatsion mahsulotlarni joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Texnopark va “uzinfocom” integratori faoiyati, rezident kompaniyalar uchun yaratilgan imkoniyatlar, IT-eksportini oshirish borasida qilanayotgan ishlar bilan tanishtirildi.

Kelgusi haftadan mamlakatning yirik banklari ishtirokida istiqbolli startap loyihalari bilan tanishish maqsadida uchrashuvlar tashkil etiladi.

Bundan tashqari, investitsiyalarni jalb qilish va mahsulotlarni bank tuzilmasiga integratsiyalash imkoniyatlarini muhokama qilish rejalashtirilgan.

Mazkur uchrashuvlarda ishtirok etishni xohlovchi startapchilar havola orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.

Bunda startap loyihalar saralab olingandan so‘ng qo‘shimcha ma’lumot olish maqsadida mas’ullar ular bilan bog‘lanishadi.


Avvalroq “Hacknovation-2024” hakatoniga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.