Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida charm va ipak sanoatida mavjud imkoniyatlarni ishga solishga qaratilgan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

O‘tgan yili gilam korxonalariga markazlashgan holda polipropilen olib kelish tizimi yo‘lga qo‘yilgani o‘z samarasini bergani qayd etildi.

Bu yil ham shu tajriba davom ettirilib, mablag‘ ikki karra ko‘paytiriladi. Gilam ishlab chiqarish, sotish va valyuta tushishigacha bo‘lgan vaqtni inobatga olib, tadbirkorga polipropilen 1 yilgacha muddatga beriladi.

Oxirgi yetti yilda ipakchilik sohasida 74ta pilla-ipakchilik klasteri va 11ta urug‘chilik korxonasi tashkil qilindi. Tut maydonlari 40 ming gektardan 55 ming gektarga ko‘paydi.

Buni hisobiga, pilla yetishtirish hajmi 2,5 barobar oshib, 26 ming tonnaga yetdi, ipak mahsuloti eksporti 3 barobar ko‘paydi.

Sohaga ipak qurtini parvarishlash, kasallikdan saqlash agrotexnikasi va innovatsiyalari kirib kelmagani hisobiga urug‘dan pilla olishda yo‘qotishlar saqlanib qolmoqda.

Dunyoda ipak mahsuloti importining 45%i to‘g‘ri kelayotgan Yevropa bozoriga chiqish muhimligi qayd etildi. Eksportda ipakdan tayyor mahsulot ulushini, pillani chuqur qayta ishlab, tayyor ipak mahsulotlari, mato va uy tekstili ishlab chiqaradigan quvvatlarni ko‘paytirish zarur.

Pillachilik uchun ozuqa bazasi bo‘lgan tutzorlarda yangi navli hosildor tut ekishini kengaytirish zarur. 1 mln gektarga yaqin paxta maydoniga bir-ikki qatordan tut ekilsa, 50−60 ming tonna ozuqa zaxirasini shakllantirish mumkin.

Prezident farmoni bilan pilla xarid narxi 25%ga oshirildi. Pillakorlar daromad va ijtimoiy soliqlardan ozod qilindi, tutzorlar uchun yer solig‘ining 10%i to‘lanadi.

Mutasaddilar va hokimlarga yangi tutzorlar tashkil qilishga 105 ming gektar yer ajratish topshirildi. Ular lotlarga bo‘linib, auksionda beriladi, boshlang‘ich narxi esa 10% etib belgilanadi.

Shuningdek, ipak olishning muqobil usullarini yo‘lga qo‘yish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Xitoyda kanakunjut qurtini parvarishlab, ipak olish yo‘lga qo‘yilgani, yangi yo‘nalishni mamlakat iqlim sharoitidan kelib chiqib tatbiq qilish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga kanakunjut o‘simligi va qurti urug‘larini olib kelib, Ipakchilik institutida sinov ishlarini boshlash topshirildi.

Hokimlar va soha mutasaddilariga pilla mavsumini sifatli tashkil etib, hosil yo‘qotishsiz yig‘ib olinishini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Fevral oyida Vetnam va Xitoy tajribasi asosida pillani sanoat usulida yetishtirish yo‘lga qo‘yilib, pilla yetishtiruvchilarning moddiy manfaatdorligi oshirilishi belgilandi. Buning uchun tarmoq ikki bosqichda bozor tamoyillariga o‘tadi.